Bugunni olis bilan bogʻlovchi maʼnaviy koʻprik...
Sobiq tuzum sharoitida tilimiz har jihatdan tanazzulga yuz tutdi.
Qadimiy va benihoya boy, sehru sinoatga limmo-lim, teran mantiqni ortmoqlagan oʻzbek tili oʻz Vatanida azaliy haqqi sanalgan qadr-qimmatga ega boʻlganiga oʻttiz bir yil toʻldi. Shundan buyon bu til mustaqil Oʻzbekistonning muqaddas timsoli sifatida eʼzozu ehtiromda. Ammo bundan avval oʻzbek tilining ahvoli tamoman oʻzgacha, rasmiy huquqlardan mosuvo edi. Chunki tuprogʻida oltin gullaydigan, hisobsiz boyliklarga kon, aql va badiiyatdan dunyoga dars bergan, ne-ne ulugʻlarning muqaddas beshigi bu yurt siyosiy, iqtisodiy, taassufki, lisoniy asorat iskanjasida qolgandi. Til millatning hamiyati, oʻzini koʻrish qudrati, ozodlikka boʻlgan ishtiyoqini sogʻlom saqlaydigan, shafqatsiz asrlar toʻfonidan toʻzgʻitmay olib oʻtadigan betakror kuchdir.
Sobiq tuzum sharoitida tilimiz har jihatdan tanazzulga yuz tutdi. Ona tiliga eʼtibor susaydi, necha asrlar davomida xalqimizga maʼnaviy hamroh boʻlib kelgan oʻzbek tili asossiz kamsitildi. 1989-yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Oliy Kengash sessiyasida mamlakatimizda oʻzbek tili davlat tili deb rasman eʼlon qilindi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin, 1992-yili qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida esa davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilab qoʻyildi, yaʼni oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi muqaddas timsollardan biriga aylandi. Bu, shubhasiz, katta gʻalaba edi. Ammo tilimizning mavqeini koʻtarish, uzoq yillar davomida unga yetkazilgan maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash oson boʻlgani yoʻq. Bu borada keyingi 30 yil ichida juda muhim ishlar qilindi, oʻzbek tilining qaddi-basti, nufuzi tiklandi, ilmiy-tadqiqot ishlari, yozishmalar oʻzbek tilida olib boriladigan boʻldi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Biroq, bu jarayon aslo toʻxtab qolmasligi kerak. Biz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yana-da oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur. Ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi oʻta muhim sohalarda ona tilimizning qoʻllanishi doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lugʻatlar nashr etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy oʻzlikni, Vatan tuygʻusini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.
Bu vazifani bajarish uchun amalga oshirilayotgan ishlarning salmogʻi tobora oshayotgani, oʻzbek tiliga, tariximiz va madaniyatimizga, istiqlol yillarida xalqimiz erishgan yutuqlarga qiziqish dunyo miqyosida kuchayib borayotgani gʻoyat quvonarlidir. Keyingi yillarda tilshunos olimlarimiz bilan birgalikda ijodkor ziyolilar ham tilimiz nufuzi haqida qaygʻurib, ibratga molik ishlar qilmoqdalar. Fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdulla Aʼzamov tilimizdagi birgina “feʼl” ustida izlanish olib borib, hozircha ogʻzaki soʻzlashuvda, yozma ijodiyotda qoʻllaniladigan oʻttiz mingdan ortiq feʼl soʻzlarni toʻplagani, aslida oʻzbek tilida feʼllar soni yuz mingga yaqinligini isbotlagani gʻoyat quvonarlidir. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi esa maʼnaviy hayotimizdagi eng ulugʻ voqealardan biri boʻldi.
Ona tili qadim-qadimdan, ulugʻ ajdodlardan bizga yetib kelgan benazir xazinadir. Har qanday tilda u mansub boʻlgan xalqning maʼnaviyati, ruhiy olami, aql-idroki, insoniy fazilatlari oʻz ifodasini topadi. Dunyoda turli millat va elatlarga tegishli uch mingdan ortiq til bor, ularning hammasini oʻzlashtirish qiyin. Ammo tilning moʻjizaviy qudrati shundaki, kishi oʻzi uchun mutlaqo begona xalq tilidagi soʻzlashuvni eshitar, qoʻshigʻini tinglar yoki biror urf-odatiga guvoh boʻlar ekan, shu millat yoki elat haqida maʼlum tasavvurga ham ega boʻladi.
Soʻz tirik jon yangligʻ ilohiy neʼmat, unga yolgʻon, makr, fisqu fasod aralashsa, joziba va latofatini yoʻqotadi. Insonni uning nazokatli lutfi, soʻzlash va tinglash odobi, fikrlash tarzi orqali bilsa boʻladi. Chunki soʻz fikrga aylanib, beqiyos taʼsir kuchiga ega boʻladi. Ulugʻ allomalar: “Taʼsirli soʻz hayotning jon bulogʻidir. Fikrlayotgan odam yashashda davom etadi. Fikrlashdan toʻxtagan odamning maʼnaviy umri toʻxtaydi, endi u faqat mavjud boʻlib qoladi”, deb bejiz aytishmagan. Buning boisi, fikr insonni harakatda, jamiyatni rivojlanish holatida ushlab turadi. Fikrlar xilma-xilligi, bahs-munozara hayotni taraqqiyot sari yoʻnaltiradi. Yoqimli va mukammal nutq inson uchun muhim fazilatdir. Yaxshi soʻz, yaxshi xabar dilni quvonchga toʻldiradi, yuragiga malhamdek taʼsir qiladi. Shu boisdan ham xalqimizda tilga eʼtibor berish, har bir soʻz, har iborani oʻylab gapirish, qisqa soʻzlash, muomala odobi va madaniyatiga qatʼiy rioya qilish xususida koʻplab hikmatlar mavjud. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilik” asarida til odobi, yaʼni oʻqish va bilim olishda tilning ahamiyati, qisqa va mazmunli soʻzlash, tilga ortiqcha erk bermaslik xususida quyidagilar bayon qilinadi: “Til aql va bilimning tarjimonidir. Bilki, kishini nuroniy qiluvchi vosita (uning) ochiq va mazmundor tilidir... Til kishini izzatli qiladi, kishi tili bilan baxtli boʻladi. Til arslondir, qara, u seni doim eshikda poylab yotadi. Ey magʻrur uy xoʻjasi, hushyor boʻlki, agar tilingga ortiqcha erkinlik bersang – oʻylamasdan soʻzlasang – u bir kun emas, bir kuni oʻz boshingni yeydi....”.
Ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy tilni insonni hayvondan ajratuvchi “gavhari sharif”ga oʻxshatadi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu soʻzlari ham ayni haqiqat: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”. “Sadoi Fargʻona” gazetasining 1914-yilgi 3-sonida chop etilgan Ashurali Zohidiyning “Ona tili” maqolasida quyidagilarni oʻqiymiz: “...gʻazeta va jurnallarning dunyo ahvolidan va boshqa toʻgʻrilaridan xalqgʻa xabar berib turmogʻidan boshqa ulugʻ va koʻzga koʻrinmaydurgon bir foydasi boʻlurki, ul ona tilining kengaymogʻi va mukammallashmogʻidur”. Yuqorida keltirilgan fikrlardan koʻrinib turibdiki, tilning mukammalligi, ona tilini chuqur oʻzlashtirish va uni asrab-avaylash jamiyatning maʼnaviy poydevori nechogʻli mustahkamligini koʻrsatuvchi koʻzgudir. Ona tilimiz, undagi noyob soʻz va iboralar, hikmatlar, maqol va matallar asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba asosida shakllangan, toʻplangan va sayqal topgan boʻlib, bu beqiyos xazina, biz, bizdan keyingi avlodlar uchun ham noyob meros hisoblanadi. Bu xazinadan bahramand boʻlgan buyuk ajdodlarimiz al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari mutafakkirlar dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qoʻshdilar, ayni chogʻda, oʻzlarining buyuk asarlari, ilm-maʼrifatlari bilan bu xazinani yana-da boyitib, maqomini baland koʻtardilar. Shu boisdan ham, tilga eʼtibor, uni milliy boylik sifatida sevib-ardoqlash, boyitish, kelajak nasllarga bus-butun yetkazish bizning ajdodlar ruhi oldidagi maʼnaviy burchimiz hisoblanadi. Bu burchni unutish qanday maʼnaviy fojialarga olib kelishi mumkinligiga tarixda misollar koʻp. Til shunday bir bogʻki, undagi har bir nihol, har bir gʻunchaning oʻz oʻrni bor, bordi-yu ulardan biri eʼtiborsiz, parvarishsiz qolsa, bogʻning koʻrki buziladi, tarovati susayadi. Shu maʼnoda, tilni bugungi kunni olis oʻtmish bilan bogʻlovchi maʼnaviy koʻprikka qiyoslash mumkin. Bu koʻprik bizni ezgu amallarga, insoniy komillikka daʼvat etadi. Biroq, eʼtirof etish kerakki, davlat tilini qoʻllash, uni yana-da rivojlantirish borasida muammolar ham yoʻq emas. Yozuvda imlo qoidalariga toʻla amal qilmaslik, soʻzlashuvda turli tillarga oid terminlarning qorishib ketishi, televideniye va radioda soʻz va iboralarni notoʻgʻri, oʻrinsiz ishlatish, talaffuzdagi nuqsonlar, ayniqsa, koʻcha reklamasidagi chalkashliklar matbuotda, turli yigʻinlarda tinimsiz tanqid qilinayotganiga qaramay, bu nuqsonlar, taassufki, barham topayotgani yoʻq. Dunyoda oʻzbek tilini oʻrganishga eʼtibor kuchaygan bir paytda oʻzimiz xato qilib tursak, metro vagonlaridagi gʻayritabiiy reklamalarni koʻrib koʻrmaganlikka olsak, yaxshi boʻlmas. Demakki, til ilmimizni takomillashtirish borasidagi ishlarimiz bundan buyon ham diqqat-eʼtiborimizda boʻlmogʻi darkor.
Til milliy boyligimiz, olis oʻtmishimiz, kelajagimiz, demakki, millatning taqdiri, uning bu yorugʻ olamda mavjudligini ifodalovchi vosita ekan, uning taʼsirchan maqomi, goʻzalligi va latofatini saqlash, kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish har birimizning maʼnaviy burchimiz boʻlishi kerak.
Toshpoʻlat MATIBAYEV,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengash raisi oʻrinbosari