Qishloq xo‘jaligida parrandachilik yetakchi tarmoqlardan biri sanaladi. Parranda go‘shti parxezbopligi va tezpisharligi bilan ajralib turadi.
Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi balki pati uchun ham boqiladi. Eng muhim va e’tiborli tomoni shundaki, parrandalarni saqlash uchun inshootlarni tayyorlash oddiy va kamchiqimdir.
Parrandalar qo‘lbola kataklarda yoki yerda boqiladi. Ular asosan quruq aralash yemlar bilan oziqlantiriladi. O‘zbekiston sharoitida 1 tovuq boqish uchun 1 yilda o‘rtacha 50 kg aralash yem kerak bo‘ladi.
Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida parrandachilikka katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishida asosiy ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.
Xo‘sh, mamlakatimizda aholini arzon va sifatli parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi qanday?
Sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida “Parrandasanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Bahodir Alixonov quyidagilarni ma’lum qildi.
– “Parrandasanoat” uyushmasi respublikada parrandachilik sohasini rivojlantirib, aholining sifatli va arzon parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘radi. Shuningdek, parrandachilik korxonalarining manfaatlarini himoya qiladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikamizda 1 ming 300 dan ortiq turli mulkchilik shaklidagi tuxum, go‘sht va parranda naslchiligi yo‘nalishidagi parrandachilik korxonalari mavjud. Ushbu korxonalar tomonidan joriy yilning 8 oyida tuxum ishlab chiqarish 5,05 milliard donani tashkil etdi.
Hozirgi kunda respublikadagi jami naslli parrandalar soni 2 million 133 ming boshni, shundan tuxum yo‘nalishida 241,9 ming boshni, go‘sht yo‘nalishida 1 million 892 ming boshni tashkil etmoqda.
2022 yil yanvar-avgust oylarida tuxum yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 29 million dona, go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 182 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarildi.
Alohida ta’kidlash lozimki, parrandachilik korxonalariga realizatsiya qilgan mahsulotlari uchun subsidiyalar ajratilmoqda.
bugungi kunga qadar jami 387 ta parrandachilik korxonasiga 221,1 milliard so‘m, shundan parranda go‘shti yetishtiruvchi 230 ta korxonaga 67,5 ming tonna uchun 165,8 milliard so‘m, 157 ta tuxum ishlab chiqaruvchi korxonaga 1,1 milliard dona tuxum uchun 55,61 milliard so‘m mablag‘ berildi. Import qilingan 1,1 million bosh naslli jo‘jalarga jami 10 milliard 899 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Yaratilgan imtiyozlar natijasida 359,7 ming tonna (tirik vaznda, yillik prognozga nisbatan 60 foiz) parranda go‘shti ishlab chiqarishga erishildi.
Yil yakuniga borib aholi jon boshiga tuxum ishlab chiqarish 234 donaga (me’yor 208 dona) yoki 111,5 foizga, go‘sht ishlab chiqarish 12,1 kilogrammga (me’yor 14,8 kilogramm) yoki 81,8 foizga yetkazilishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda go‘sht maxsulotlari orasida yetishtirish va iste’moli bo‘yicha parranda go‘shti ikkinchi o‘rinda turadi. Iste’mol qilinayotgan go‘shtning 34 foizi parranda go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. AQSHda esa parranda go‘shti iste’moli o‘tgan asrning 70 yillaridan boshlab birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Yildan - yilga jahonda parranda go‘shtiga talab oshmoqda. Shu sababli ham parranda go‘shtining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA