Bugungi imkoniyat – ertangi muvaffaqiyat garovi
Yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlarning kelgusidagi mehnat faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, ularni ish beruvchilar bilan bevosita bog‘lash, biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish dolzarbdir. Toshkent davlat agrar universitetida shu maqsadlarga qaratilgan “Kelajak tadbirkori – 2026” kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomurodov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Nilufar Normirzayeva, hamkor tashkilotlar mas’ullari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Yarmarka Prezidentimizning tegishli qarorlari hamda hududlarda aholi bandligi va daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi doirasida tashkil etilgan. Unda Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlari hamda 100 ga yaqin yetakchi korxonalar, tashkilot va tadbirkorlik sub’ektlari qatnashdi. Bu esa yoshlarni turli sohalardagi ish beruvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, mehnat bozoridagi talab va takliflar bilan tanishish, o‘z qiziqishlari va mutaxassisligiga mos yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beradi.
Yarmarka doirasida tashkil etilgan ochiq muloqot davomida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirish va moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarning taklif va tashabbuslari muhokama qilinib, ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, yoshlarning o‘z biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarishi, yangi ish o‘rinlarini yaratishi va daromad manbaini shakllantirishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ish beruvchilar o‘z faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, xodimlarga qo‘yiladigan kasbiy talablar va ishga joylashish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Jarayonda Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham faol bo‘ldi. Mazkur institut pavilonida namoyish etilgan eksponatlar va texnologik ishlanmalar tadbir ishtirokchilarining qiziqishini uyg‘otdi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar hovlisini smartfon orqali boshqarishga mo‘ljallangan qurilma hamda tuproq namligini elektron tarzda aniqlaydigan uskuna ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Mazkur ishlanmalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy yechimlar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni kundalik hayot va ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish esa ularga kasbiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash, kelgusidagi rejalarini aniqlashtirish imkonini berdi.

– “Kelajak tadbirkori – 2026” ko‘rgazmasi biz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi, – deydi Belarus – O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti ikkinchi bosqich talabasi Ruxshona Rayimjonova. – Bu yerda turli tashkilotlar faoliyati, zamonaviy kasblar va tadbirkorlik imkoniyatlari haqida ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Eng quvonarlisi, Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan tengdoshlarimiz bilan tanishib, yangi do‘stlar orttirdik, fikr-mulohazalar almashdik. O‘ylaymanki, bunday tadbirlar oldimizga aniq maqsadlar qo‘yish, yangi imkoniyatlarni kashf etish va bugungi mehnat bozori talablarini chuqurroq anglashimizga yordam beradi.

Tadbir yakunida Toshkent davlat agrar universiteti “Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda faol oliygoh” statuetkasi bilan taqdirlandi. Mazkur e’tirof yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim natijalaridan biridir.
A.Musayev, O‘zA