Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi qator umumta’lim maktablari direktorlari Buyuk Britaniya ta’lim tizimi va maktab direktorlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida mazkur davlatda safarda bo‘ldi.
O‘qituvchilar Angliya maktablari faoliyati, o‘quvchilari hayotiga oid safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Toshkent shahar Yunusobod tuman 5-sonli umumta’lim maktabi direktori Nargiza Xidoyatova:
— Buyuk Britaniya ta’lim tizimi uzoq yillar davomida takomillashtirilib, bugungi kunda eng yuqori sifatli standartlarga javob beradigan dunyoning eng yaxshi tizimi hisoblanadi. Angliya ta’lim tizimi Milliy ta’lim dasturiga asoslangan bo‘lib, u ikki qismdan iborat: majburiy va ixtiyoriy tanlangan fanlardir. E’tiborli jihati, yuqori sinf o‘quvchilari darslarda kompyuter texnologiyalaridan mukammal darajada foydalanib, barcha vazifa-taqdimotlarni texnologiyalardan foydalangan holda bajarishadi. Darslik adabiyotlar ham elektron ko‘rinishda. Tabiiy fanlar amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, har bir maktab hududida kichik issiqxonalar mavjud va u yerda o‘quvchi yoshlar o‘zlari yetishtirayotgan o‘simlik dunyosini o‘rganadi.
Maktablarda drama va professional sport klublari ham bor. Ular o‘quvchilarda birdamlik va sog‘lom raqobat hissini yanada rivojlantiradi. Ayniqsa, o‘qituvchi va o‘quvchilarning bir-birlariga o‘zaro yuksak hurmat va ishonchda bo‘lishi e’tiborimni tortdi. Buning asosiy sababi darsdan tashqari vaqtlarda o‘qituvchi va o‘quvchilarning norasmiy muloqotda bo‘lishi, birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazishlarida ekan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani 52-sonli umumta’lim maktabi direktori Kaljan Ayimbetova:
— Angliya maktablari meni har jihatdan hayratlantirdi. Ayniqsa, o‘quvchilarga akademik bilim berishdan tashqari, ularning ijodkorligiga ham alohida e’tibor qaratilar ekan. Masalan, biz borgan maktabda alohida teatr sahnasi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda o‘quvchilar turli sahna ko‘rinishlari yaratishadi va bu orqali san’atga ishtiyoqi bo‘lgan bolalarning iste’dodi maktab davridanoq shakllantirilib boriladi. Yuqori sinf o‘quvchilarining bizdagi tanlov fanlariga o‘xshab biron aniq yo‘nalishni tanlashlarida mahalliy biznes talablariga qattiq e’tibor beriladi. Maktablarda inklyuziv ta’lim uchun alohida sharoitlar yaratilgan.
Farg‘ona shahridagi 2-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan umumta’lim maktabi direktori Nigora Ahmedova:
— Angliya maktablarida bolalar soni oz bo‘lib, faqat bir smenada ta’lim olib boriladi. Shu bilan birga bolalar xavfsizligiga katta e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, sinf rahbarlari uchun ko‘plab psixologik kurslar tashkil etilib, muntazam ravishda treninglar o‘tkazilar ekan. Maktablarda turli millatlarning urf-odatini hurmat qilish o‘rgatiladi Bolalar har xil millat vakillari bo‘lgani uchun bir-birining urf-odatlarini o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi. Shu boisdan ham milliy an’analarni o‘rganishadi va hurmat qilishadi.
Asosiy e’tibor o‘quvchilarning mustaqil fikrlashiga qaratiladi
Eng qiziq tomoni, darsda o‘qituvchi asosan topshiriq beradi, o‘quvchi gapiradi. Yangi mavzu haqida ham o‘quvchilar fikri tinglanadi. O‘quvchilar o‘zlari tayyorlab kelgan loyihalarni namoyish qilib, loyihaviy ishlaydi. Xatolar bo‘lsa, o‘qituvchi to‘g‘rilaydi. Asosiy e’tibor, bolalarning mustaqil fikriga qaratiladi.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabi direktori Ravshan Boyirov:
— Angliya maktablarida ota-onalar uchun alohida dars o‘tiladi. Dars jarayonida ota-onalarni o‘qitishga alohida o‘qituvchilar jalb etiladi. Darslar o‘quvchilar tomonidan erkin tarzda tanlanadi. Shuningdek, maktabda o‘quvchini suratga olish mumkin emas!
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA