Bugundan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
Ulardan biri muddatidan oldin ovoz berish huquqidir.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 23-moddasida xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi, bu iroda davriy, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi kerakligi belgilangan.
Saylovlarning adolatli o‘tishi barcha saylovchilarning ishtirokini ta’minlash borasidagi shart-sharoitlarning yaratilgani bilan baholanadi. O‘zbekiston milliy qonunchiligida barcha saylovchilarning o‘z siyosiy irodalarini ifoda etgan holda saylov jarayonida ishtirokini ta’minlash borasida muhim qoidalar belgilangan.
Ulardan biri muddatidan oldin ovoz berish huquqidir. Bu qanday amalga oshiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga 3 kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Mazkur qoidaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 3 dekabrdagi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra, 2019 yilning 12 dekabr kuni soat 09:00 dan saylovlarga muddatidan oldin ovoz berish jarayoniga ruxsat berildi. Shuningdek, qarorda muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 18 dekabr kuni soat 18:00 ga qadar davom etishi belgilandi.
Demak, 12 dekabr, ya’ni bugundan e’tiboran saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishi mumkin.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sababini ko‘rsatgan arizasi asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Shundan so‘ng saylov byulletenini olgani haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Saylovchi to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, u tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosi imzosi qo‘yilib, komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Caylov kuni uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan birgalikda muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi.
Bu jarayon xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan standartlarga muvofiqdir.
Saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish tartibi ilg‘or xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya, Finlyandiya, Norvegiya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Ruminiya, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab davlatlarda mavjud. Xususan, Rossiya Federatsiyasi Saylov kodeksining 149 va 1410-moddalariga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan saylovga kamida 9 kun qolganida boshlanib, saylovga 1 kun qolganida tugallanadi. Bu jarayon Polshada saylovga kamida 5 kun qolganida boshlanib, 1 kun qolganida tugallanadi. Avstraliyada saylovga 15 kun qolganida boshlanib, saylovga 2 kun qolganida to‘xtatiladi.
Akbarshoh TEShABOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
huzuridagi Qonunchilik muammolari va
parlament tadqiqotlari instituti
bo‘lim boshlig‘i.