Bugun respublikamizdagi 6 ta tuman tashkil etilgan kun
Vatanimiz tarixidagi 9 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1441 yil shu kunda ulug‘ shoir va olim, buyuk mutafakkir va davlat arbobi, xalqimiz ma’naviyati takomilining turli bosqichlarida uning ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan siymo Alisher Navoiy tavallud topdi. Zamonasida kechgan deyarli barcha siyosiy, ijtimoiy, ma’rifiy, madaniy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan Alisher Navoiydan ulkan adabiy, ilmiy va ma’rifiy meros qoldi.
Alisher Navoiy g‘oyalarini hayoti va ijodiga izchil tatbiq etdi, asarlarini eski o‘zbek, ya’ni turkiy tilda yaratish asnosida uni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi, badiiy ijodiyotda turkiy tilning imkoniyatlari xuddi fors tiliniki singari bitmas-tuganmas ekanini amalda isbotladi.
1908 yil – O‘rta va Sharqiy Osiyoni o‘rganish qo‘mitasi yig‘ilishida Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi joylashgan yerda qazishmalar olib borish haqida qaror qabul qilindi. Mazkur qazishma ishlarini amalga oshirish Ulug‘bek rasadxonasining joyini aniqlashdek murakkab masalani hal qilgan taniqli arxeolog Vasiliy Vyatkinga topshirildi. Arxeologik qazishmalarni amalga oshirish uchun unga 800 rubl mablag‘ ajratildi.
Samarqanddagi XV asr me’morchiligining nodir namunalaridan biri, qo‘xna astronomik kuzatuv muassasasi hisoblangan Ulug‘bek rasadxonasi temuriyzoda Mirzo Ulug‘bek farmoyishi bilan bunyod etilgan. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob-uskunasi jihatdan ham beqiyos bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bekning eng yirik astronomik asari “Ziji Ko‘ragoniy” ushbu rasadxonada yaratilgan.
1935 yil – Jizzax viloyatidagi Forish, Navoiy viloyatidagi Qiziltepa, Samarqand viloyatidagi Jomboy va Paxtachi, Surxondaryo viloyatidagi Sho‘rchi, Toshkent viloyatidagi Chinoz tumanlari tashkil etildi.
1949 yil – O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi, Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakili Norbek Baxshi (asl ism-sharifi Abdulla Qurbonnazarov) tavallud topdi. U Ozarbayjon baxshilar uyushmasi a’zosi (1989). Norbek Baxshi Bola Baxshining o‘g‘li va shogirdi bo‘lib, san’atkorlik sirlarini yana Komiljon Otaniyozovdan o‘rgangan.
1978 yil – Toshkent Davlat konservatoriyasi qoshidagi o‘rta maxsus musiqa maktabi Muxtor Ashrafiy nomli Toshkent Davlat konservatoriyasi qoshidagi Respublika o‘rta-maxsus musiqa maktab-internatiga aylantirildi. Bu maktab-internat iste’dodli bolalar uchun mo‘ljallangan professional o‘quv muassasasi bo‘lib, o‘quvchilarni oliy musiqa o‘quv muassasalariga tayyorladi.
1995 yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Misr Arab Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasini ochish to‘g‘risida qarorlari qabul qilindi.
1996 yil – Farg‘onada buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 555 yilligi munosabati bilan uning haykali ochildi.
Shuhrat Nematov tayyorladi