Bugun Qozog‘istonda Mustaqillik kuni nishonlanmoqda
Opera” teatrida tantanali tadbir o‘tkazilmoqda.
“Kazinform” xabariga qaraganda, tadbirda mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Respublika Prezidenti barcha qozog‘istonliklarni istiqlolning 30 yilligi bilan tabriklab, yig‘ilganlar oldida nutq so‘zladi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Mustaqillik eng muqaddas, eng aziz qadriyat, asosiy boylik ekanini alohida ta’kidladi.

«Xalqimiz mustaqillik qadr-qimmatini butun qalbi bilan his qiladi. Chunki biz erkinlikning qadrini bilamiz. Ko‘plab qahramon ajdodlarimiz ozodlik yo‘lida qurbon bo‘ldi. Ko‘p og‘ir kunlarni boshdan kechirdik. Biroq xalqimiz barcha sinovlarga bardosh berdi», dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Qasim-Jomart Toqayev o‘z nutqida Qozog‘iston davlatchiligi tarixining asrlar davomidagi eng muhim davrlariga, mustaqillikka erishgandan so‘ng Qozog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy, tashqi siyosat, madaniy va fan sohalarida erishgan muhim yutuqlariga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, mustaqillik yillarida 1,5 million aholining uy-joy sharoiti yaxshilandi. Keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakat iqtisodiyoti hajmi real ko‘rsatkichlarda 2,5 barobar o‘sdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot dollarda 13 barobardan ziyod oshdi. Qozog‘istonga 370 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Qozog‘istonning xalqaro zaxiralari 90 milliard dollardan oshadi.
Prezident, shuningdek, o‘z so‘zida Mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan barcha qozog‘istonliklarga minnatdorchilik bildirdi.
Prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevning suveren Qozog‘iston barpo etishdagi ulkan mehnatiga alohida e’tibor qaratdi va Elboshining jahon tarixidagi o‘rniga to‘xtalib o‘tdi.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA