1992 yil 19 fevral tarixga O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun sifatida muhrlangan. O‘tgan davr mobaynida keng ko‘lamli, uzoq muddatga mo‘ljallangan, ko‘p qirrali aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatlarimiz siyosiy muloqoti xalqaro huquq me’yorlariga, bir-biri manfaatini hurmat qilishdek umumiy e’tirof etilgan tamoyillarga asoslanadi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabat iqtisodiyot, ta’lim, xavfsizlik, madaniyat va boshqa turli muhim sohalardagi sheriklikni qamrab oladi. AQSH O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri sifatida mintaqani rivojlantirish va demokratik institutlarni mustahkamlashga yordam ko‘rsatib keladi.
1992 yil 16 mart kuni O‘zbekistonda AQSH elchixonasi, 1993 fevral oyida AQSHda mamlakatimiz elchixonasi ochilgan.
O‘zaro munosabatni mustahkamlashda, ayniqsa, 2022 yil imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari deklaratsiyasi muhim ahamiyat kasb etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17 may kunlari AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi AQSH oliy rahbariyati, ishbilarmon va akademik doira vakillari tomonidan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojiga yangicha sur’at bag‘ishlagan tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.
2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston va AQSH yillik ikki tomonlama maslahatlashuvni Strategik hamkorlik muloqotiga aylantirish qarorini ma’qulladi. Ayni jarayonda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, ta’lim sohalaridagi yaqin hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohda BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqish qilib, ahillik va amaliy hamkorlik ruhini saqlab qolish, mamlakatlarni umumiy manfaatlar mavjud qarama-qarshiliklardan ustun bo‘lishi asosida birlashtirish lozimligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari global tahdidlarga qaramay, mamlakatimiz barqaror o‘sish sur’atini namoyish etayotganini qayd etdi. So‘nggi olti yil davomida yalpi ichki mahsulot bir yarim barobardan ko‘proq oshdi. Asosiy maqsad – 2030 yilga borib, ushbu ko‘rsatgichni ikki barobar oshirish. Shuningdek, yaqin yillar ichida Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish ham ustuvor vazifalardan biridir.
Aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat samarasi o‘laroq, 2017 yildan buyon mamlakatimizda qashshoqlik darajasi ikki barobar kamaydi. 2030 yilgacha ayni ko‘rsatkichni 7 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.
So‘nggi yillarda parlamentlararo aloqa, xavfsizlik, huquq sohalari va mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik ancha faollashdi. Ikki mamlakatning yetakchi ekspertlari almashinuvi, davlat idoralari munosabatiga oid tashkiliy-huquqiy masalalar muhokamasi izchil tus oldi. Davlatlar o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy o‘zaro ishonch boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonning qator oliy o‘quv yurtlari Xopkins, Vashington, Indiana, Kaliforniya, Ogayo, Arizona universitetlari va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatgan.
2019 yil sentyabrda Toshkentda Vebster universiteti filiali ochildi. “Ochiq eshiklar” xalqaro ta’lim almashinuvi hisobotiga ko‘ra, 2022 yil AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ilk bor 1000 nafardan oshib, 2022/23 o‘quv yilida 1089 vatandoshimiz okean ortida ta’lim olgan.
AQSH hukumati mamlakatimizda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quv bazasini takomillashtirish, o‘qituvchilar kasbiy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan tizimli islohotni olqishlaydi. Tomonlar ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan manfaatdor, ilm-fan sohasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish tarafdori. Sog‘liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi, IT, qishloq xo‘jaligi, seysmologiya kabi sohalar istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Umuman, bugungi kunda O‘zbekiston – AQSH muloqoti xalqaro huquqning umumiy e’tirof etilgan tamoyili va me’yoriga amal qilish, ikki davlat suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini hurmatlash, bir-biri manfaatini hisobga olish va demokratik qadriyatlarga sodiq qolish xususiyatiga asoslangan.
Aziza Alimova tayyorladi.
O‘zA