Latviya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va asosiy hamkor sifatida e’tirof etadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat sifatida Latviya ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish barobarida mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, hududda YeI strategiyasini amalga oshirib kelmoqda.
Latviya bilan an’anaviy sheriklik ayniqsa so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Tashqi ishlar vazirliklari siyosiy maslahatlashuvi, Iqtisodiy masalalar bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari tizimli ravishda o‘tkaziladi.
Hukumatlararo komissiya mutaxassislar darajasida o‘zaro aloqalarga doir muhim masalalarni ko‘rib chiqadi, takliflar ishlab chiqadi.
O‘tgan yil Rigada Investitsiya va taraqqiyot agentligi, mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasi hamda IT-Park ko‘magida “Invest in Uzbekistan” konferensiyasi uyushtirildi. Tadbirda Yevropa va Latviyada biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi, respublikamiz bozorida ishlashdan manfaatdor kompaniyalarning 100 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Qatnashchilar O‘zbekiston bozorining jozibadorligi va salohiyati, yurtimizda biznes yuritishning afzalligi va sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad IT sohasida iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, bilim almashish, yangi loyihalar hamda startaplar uchun investorlarni jalb qilish, shuningdek soliq imtiyozi va preferensiya berish orqali xorijiy korxonalarni jalb qilishdan iborat bo‘ldi. Bularning bari O‘zbekiston taraqqiyoti uchun xizmat qilishi shubhasiz.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Latviya raqamli hamkorlik forumi – “Ictweek Uzbekistan-2024” haftaligida Latviya Respublikasi aqlli ma’muriyat va mintaqaviy rivojlanish vazirligi Raqamli transformatsiya bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Gatis Ozols “AKT siyosati va elektron boshqaruv“ mavzusidagi nutqi bilan ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilari respublikamiz elektron hukumati yutuqlari va rivojlanish istiqboliga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Spikerlardan biri – Latviya Elektron kommunikatsiyalar ofisi “5G Techritory” forumi direktori Neils Kalnins keyingi avlod mobil tarmog‘ini muvaffaqiyatli rivojlantirishga ekotizim yondashuvining ahamiyati haqida fikr, mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Diyorimizda beshinchi avlod tarmog‘ini ishlab chiqish va joriy etish hamda O‘zbekistonni Latviya orqali YeI bilan bog‘lash masalasi alohida muhokama qilindi.
Joriy yil 15 avgustda Yaunzems Girts Latviyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov undan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qildi.
Elchi o‘lkamizda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, o‘z faoliyatini behad qiziqish va mamnuniyat bilan boshlaganini ta’kidladi. Shuningdek, o‘zaro munosabatni yanada mustahkamlash va turli ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslar amalga oshirishga hissa qo‘shish niyatini bildirdi.
Darvoqe, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida 1992 yil 3 noyabr kuni diplomatik aloqa o‘rnatilgan. Toshkentdagi Latviya elchixonasi 1992 yil, Rigadagi O‘zbekiston elchixonasi esa 1995 yil ish boshlagan.
Latviya tomoni ikki mamlakatning geografik joylashuvi va rivojlanish sur’ati iqtisodiy hamkorlik samaradorligini ta’minlamoqda, deb hisoblaydi. Hududimiz mamlakatlararo transport yo‘nalishlari tizimida muhim ahamiyatga ega. Afg‘oniston orqali o‘tadigan yo‘llar bunga yaqqol misol. Latviya o‘z transport infratuzilmasidan foydalangan holda yuk tashish miqdorini izchil oshirish maqsadini ko‘zlamoqda. Umid qilamizki, transport va tranzit masalasidagi yangi tashabbuslar iqtisodiy integratsiyani mustahkamlaydi. Bu iqtisodiy rivojlanish va barqarorlikka erishishda juda muhim.
Latviya tadbirkorlarining O‘zbekiston bilan hamkorligi jarayonida farmatsevtika ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi, oziq ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, axborot texnologiyalari va turizm ustuvor hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Muharrama Pirmatova tayyorladi.