-
“Yangi O‘zbekiston”da 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishdan “Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlar samarali ishga solinsa, hudud taraqqiyoti jadallashadi” nomli sahifa e’lon qilingan. Gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan MDH va YeOII sammitlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lishi to‘g‘risida xabar beradi. “Chempion” tadbirkorga havasim keldi”, “Prezident archasi” unutilmas, yorqin taassurotlar bayrami”, “Yoshlarga oid davlat siyosatida ortga qaytmas yangilanishlar amalga oshirilayotgan yurt”, “Ichimlik suv ta’minoti joriy yilda 80 foizdan oshdi”, “Bola qachon jamiyat farzandiga aylanadi?”, “Xalqiga fidoyi o‘g‘il va chin do‘st ekanini isbotlagan olim” kabi maqola, sahifalarda islohotlar, inson va jamiyat, vatan va unga chin farzandlik tuyg‘ulari aks etgan.
“Xalq so‘zi”da “Qoraqalpog‘istonni yanada rivojlantirishda qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi” nomli katta sharh, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan MDH va YeOII sammitlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lishi to‘g‘risida xabar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot berilgan. “Ma’rifat ulab yashash saodati”, “O‘zbekona samimiyat sadosi”, “Inson qadr-qimmati daxlsizligi yanada mustahkamlanadi”, “Turizm – yuqori daromadli manba, xalq farovonligi garovi”, “Sovrinni emas, oringni ustun bil, pahlavon!”, “Qo‘qon adabiy muhiti olimlar talqinida” kabi o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalar bilan ham tanishasiz.
“Ishonch” atoqli adib Chingiz Aytmatovdan olgan ushbu iqtibos bilan boshlanadi: “Do‘st yomon kunda bilinadi, deyishadi. Menimcha, ularning qandayligi yaxshi kunda ham bilinadi”. “O‘zbekiston – Qirg‘iziston kasaba uyushmalari: Hamkorlikning yangi bosqichi” nomli maqola ahamiyatli. Gazetada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX qurultoyini chaqirish, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi to‘g‘risidagi qarorlari e’lon qilingan. “Kuch va imkoniyatlarimizni biznes rivojiga safarbar etamiz”, “Adabiyotlar do‘stligi – taraqqiyot yo‘lini yorituvchi kuch” kabi maqolalar muhim masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan e’tiborli.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA