1963 yil Addis-Abeba shahrida tashkil etilgan Afrika davlatlari xukumat rahbarlari ishtirokidagi birinchi konferensiyada Afrika ittifoqi tuzilgan va ushbu kun Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Afrika ozodligi kuni” sifatida e’lon qilingan.
Har yili qit’ada ayni sana katta shodiyona bilan qarshi olinadi. 1963 yil 25 maydan boshlab Afrika Birligi Tashkiloti (Organisation of African Unity) faoliyat yuritgan. 1991 yilda esa Afrika Iqtisodiy Hamjamiyati (African Economic Community) tashkil topgan. Bu tuzilmalar kutilgan samarani bermagani bois o‘tgan asrning 90-yillarida Afrika Ittifoqini tuzish tashabbusi muhokama qilina boshlagan. Natijada 1999 yil 9 sentyabrda Sirt deklaratsiyasi qabul qilingan, 2000 yili Lome sammitida Afrika Ittifoqining Ta’sis akti tasdiqlangan. 2001 yil Lusakada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda yangi tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi qabul qilingan. O‘sha yili Afrika taraqqiyoti strategik dasturi tasdiqlandi.

Afrika hududi orollarsiz 29,2 million, orollar bilan birga 30,3 million kvadrat/kilometrni tashkil etadi va yer sharining 6 foizini, quruqlik qismining 20,4 foizini egallaydi. 55 davlat joylashgan bu qit’ada 2021 yil sentyabr holatiga ko‘ra 1,38 milliardga yaqin aholi istiqomat qilishi oydinlashgan. Afrika insoniyat beshigi sifatida tan olinadi, shu bos nufusi bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar - Xitoy va Hindiston bilan raqobatlasha oladi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Afrika aholisi 2050 yilga kelib ikki barobar ko‘payadi.
Aslida qadimiy Karfagen atrofida yashovchilar “afri” (“afar” – “chang” ma’nosini anglatadi), deyilgan. Shahar rimliklar tomonidan bosib olingach, hudud Afrika deb atala boshlangan. Keyinchalik butun qit’aga Afrika nomi berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1999 yil BMT Bosh Assambleyasi dekolonizatsiya bo‘yicha maxsus qo‘mitaga o‘zini-o‘zi boshqarmaydigan hududlar xalqlari bilan birdamlik haftaligini har yili 25 maydan 31 maygacha nishonlashni taklif qilgan. 1972 yil ilk bor BMTning 2911-rezolyutsiyasi bilan Afrika janubi, Gvineya-Bisau va Kabo-Verde orollari mustamlaka xalqlari bilan erkinlik, mustaqillik va tenglik uchun kurashayotgan birdamlik haftaligi o‘tkazilgan.

2001 yil iyul oyida Afrika taraqqiyoti uchun yangi hamkorlik - NEPAD tuzildi. Bu Afrikada barqaror rivojlanishga erishish bo‘yicha o‘ziga xos harakat rejasi bo‘lib, tarmoq ustuvorligi, ya’ni infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit, madaniyat, fan va axborot texnologiyalari, inson resurslarini rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda. Hujjatning asosiy g‘oyasi Afrika davlatlarining demokratik rivojlanish yo‘liga qadam qo‘yishi va o‘z sa’y-harakati bilan kambag‘allikni yengib o‘tishini anglatadi.
Afrika o‘simlik va hayvonot dunyosiga, minerallarga, mo‘l yer va suv resurslariga, ko‘p va tez o‘sib borayotgan aholiga, umuman, boy iqtisodiy imkoniyatga ega qit’a. Qayd etish zarur, Afrika jahon iqtisodiyotining eng qoloq qismi. Bu holat mustamlakachilik o‘tmishi va rivojlangan mamlakatlarning hozirgi neokolonial siyosati, qit’a mamlakatlaridagi siyosiy beqarorlik, ichki ishlab chiqarish bazasi va infratuzilma zaifligi, investitsiya oqimining yetarli emasligi bilan bog‘liq.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ikkinchi jahon urushidan keyin Afrika mamlakatlari birin-ketin ozod bo‘la boshlaganini ko‘ramiz. O‘tgan asrning 60-yillari Afrika davri bo‘ldi, deyish mumkin. 1960 yil 17 davlat, jumladan, Fransiya boshqaruvidagi Kamerun, Togo, Malagasiy Respublikasi, Kongo (sobiq Fransuz Kongosi), Dagomeya, Yuqori Volta, Fil Suyagi Qirg‘og‘i, Chad, Markaziy Afrika Respublikasi, Gabon, Mavritaniya, Niger, Senegal, Mali mustaqillikni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya qaramog‘idagi Nigeriya va Belgiya Kongosi ham ozod bo‘ldi. Britaniya Somalisi va Italiya boshqaruvidagi Somali birlashib Somali Demokratik Respublikasi e’lon qilindi. Qayd etish kerak, 1922 yildan boshlab Misr, o‘rta asrlardan buyon Efiopiya, 1847 yildan Liberiya va 1910 yildan JAR mustaqil sanaladi.
1960 yildan keyin Afrika qit’asida vaziyat tubdan o‘zgardi. 1961 yilda Serra-Leone va Tanganika, 1962 yil Jazoir, Uganda, Burundi va Ruanda, 1963 yili Keniya va Zanzibar, 1964 yilda Shimoliy Rodeziya (o‘zini Zambiya Respublika sifatida e’lon qildi) va Nyasalend (Malavi) ozodlikka chiqdi. Shu yili Tanganika va Zanzibar birlashib Tanzaniya Respublikasi e’lon qilingan.
1965 yilda Gambiya davlati hosil bo‘ldi, 1966 yil Bechuanalend nomi Botsvana Respublikasiga, Basutolend davlati Lesoto qirolligiga aylangan. 1968 yili Mavrikiy, Ekvatorial Gvineya va Svazilend, 1973 yilda Gvineya-Bisau, 1975 yil (Portugaliyadagi inqilobdan so‘ng) Angola, Mozambik, Yashil Burun Oroli va San-Tome, Prinsipi, shuningdek, Komordagi 4 oroldan uchtasi Fransiya qaramog‘ida qolishga qaror qilgan.
1977 yilda Seyshel oroli, Fransuz Somalisi Jibuti Respublikasiga aylangan bo‘lsa, 1980 yil Janubiy Rodeziya davlati Zimbabve Respublikasi, nomini qabul qildi. 1990 yilda qaramlikdagi Janubiy-G‘arbiy Afrika hududida Namibiya Respublikasi tuzilgani alohida e’tiborga molik.
Keniya, Zimbabve, Angola, Mozambik va Namibiyadagi mustaqillik urush, isyon va partizanlik kurashiga sabab bo‘lgan, ammo ko‘plab Afrika davlatlari uchun istiqlol yo‘li xunrezliksiz yakunlangan.
Afrika mamlakatlari umumiy iqtisodiy va geografik xususiyatiga to‘xtalsak, mintaqa davlatlarida geografik joylashuv o‘ziga xos, ya’ni dengizga chiqish yo‘li yo‘qligini ko‘ramiz. Okeanga chiqish imkoniyati mavjud mamlakatlarda qirg‘oq chizig‘i biroz chuqurlashtirilgan bo‘lib, bu yirik portlar qurish uchun ancha noqulay.

Mintaqa juda katta yer resursiga ega, ammo noto‘g‘ri ishlov berilishi tufayli tuproq eroziyasi halokatli holatga kelgan. Afrika bo‘ylab suv resursi notekis taqsimlangani barcha manbalarda qayd etilgan. O‘rmonlar hududning 10 foizini egallaydi, biroq yirtqichlar qirilishi natijasida yashil maydon tez sur’at bilan qisqarib boryapti.
Yana bir ma’lumot: Afrikada aholining tabiiy o‘sishi eng yuqori nuqtaga yetgan. Ko‘pgina mamlakatlarda tabiiy o‘sish yiliga ming aholiga 30 kishidan oshadi.
Qit’aning jahon xo‘jaligidagi o‘rnini belgilovchi ikkinchi iqtisodiyot tarmog‘i – tropik va subtropik qishloq xo‘jaligi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yalpi ichki mahsulotning 60-80 foizini tashkil etadi. Asosiy ekinlar - qahva, yer yong‘oq, xurmo, choy, tabiiy kauchuk, jo‘xori, ziravorlar. Yaqin yillardan boshlab don ekinlari ham yetishtirilmoqda: makkajo‘xori, sholi, bug‘doy. Chorvachilik subordinator rol o‘ynaydi, qurg‘oqchil iqlimli mamlakatlar bundan mustasno.

Qora qit’a davlatlari, xususan, Nigeriya, Senegal va Angola suyultirilgan gaz bo‘yicha, deyarli, foydalanilmagan salohiyatga ega, deyiladi. Shu bois, “Bloomberg” nashrida e’lon qilingan maqolada Yevropa Ittifoqi 2022 yil neft-gaz tizimida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish uchun Afrika davlatlari bilan hamkorlikni faollashtirishga intilmoqda.
May oyi oxirida YeI energetika sohasida tashqi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatni imzolashi kutilyapti. Loyihaga ko‘ra, Yevroittifoqqa suyultirilgan gaz importini oshirish maqsadida gaz yetkazib beruvchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirish talab etiladi. Ko‘zlangan natijaga erishish uchun AQSH, Isroil, Misr va Ozarbayjon bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishish asosiy chora sifatida ko‘rilyapti.
Masalaning bir ayanchli jihatiga ham e’tibor qaratish joiz. Afrikaning turli mintaqalarida to‘yib ovqatlanmaydigan odamlar 2020 yilda 281 milliondan oshgan. Afrika Ittifoqi, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda iqtisodiy komissiyasi qo‘shma hisobotida keltirilgan бу raqam 2014 yilga nisbatan 89,1 million ko‘p, demak.

Qit’adagi yetarli oziqlanmagan aholining qariyb 44 foizi Sharqiy Afrikada, 27 foizi G‘arbiy Afrikada, 2,4 foizi Janubiy Afrikada, 20 foizi Markaziy Afrikada, 6,2 foizi Shimoliy Afrikada yashaydi. Terrorchilik xuruji va koronavirus pandemiyasi qit’ada ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik xavfini kuchaytirmoqda. Och va muhtojlar soni yildan-yilga o‘sib bormoqda.

Xullas, qit’aga oid statistika goh kishida ijobiy taassurot uyg‘otadi, ba’zan dilxiralikka sabab bo‘ladi. Baribir, mintaqadagi davlatlar birin-ketin iqtisodiy mustaqillikka erishayotgani kelajakka ishonch bilan qarash imkonini beradi.
Internet materiallari asosida
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA