Budapesht Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmayapti
Vengriya Ukraina hududiga o‘z harbiy xizmatchilarini hamda qurol-yarog‘ yetkazib berishni rejalashtirmayapti. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Dyord Velkey “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Budapeshtning asosiy manfaati va ustuvor vazifasi Vengriyaning o‘z hududida tinchlik va xavfsizlikni mustahkam ta’minlashdan iborat.
O‘lka bosh vaziri Peter Madyar boshchiligidagi yangi ma’muriyat Yevropa Ittifoqining umumiy siyosiy yo‘nalishlari bilan yaqindan hamkorlik qilishga intilayotgan bo‘lsa-da, Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam faqatgina insonparvarlik ko‘magi va energetika resurslarini yetkazib berish bilan cheklanadi.
Bundan tashqari, Vengriya va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarda ham keskinlik kuzatilmoqda. Yaqinda Vengriyaning RFdagi muvaqqat ishlar vakili Gabor Gergich Rossiya TIVga chaqirilib, unga keskin norozilik bildirildi. Bunga Budapesht tomonidan 8-sentabr kuni bir guruh rossiyalik diplomatlarning mamlakatdan chiqarib yuborilishi sabab bo‘lgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu diplomatik kelishmovchilik ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini istisno etmadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA