Bu yilgi Ramazon oyining shukuhi o‘zgacha bo‘ldi
Bugun butun musulmon olamida, jumladan, mamlakatimizda ham Ramazon hayiti nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan qarorida Ramazon haytini munosib kutib olish va yuksak saviyada o‘tkazish, uning mohiyatida mujassam bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat, olijanoblik va bag‘rikenglik fazilatlarini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, el-yurtimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilangan edi.
Shu asosida Samarqand viloyatidagi 281 ta masjidda hayit namozini to‘la-to‘kis ado etish uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Samarqand shahridagi jamoat transporti har galgidan barvaqt, ertalab soat 5.00 dan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Tegishli idoralar tomonidan majidlar va ular atrofida xavfsizlik ta’minlandi. Savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov Samarqand shahridagi Namozgoh masjidida hayit namozi o‘qilishida ishtirok etib, mo‘min-musulmonlarni bayram bilan tabrikladi.
[gallery-11548]
– Bu yilgi Ramazon oyi butun mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda ham xalqimizga xos an’ana va qadriyatlar asosida, o‘zgacha shukuhda o‘tdi, – dedi viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Tuman va shaharlardagi 286 ta masjida taroveh namozi o‘qildi,166 ta masjidda xatmi qur’on qilindi. Xatmonalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi belgilagan tartibda, ya’ni masjidlarda bir vaqtda boshlanib va muborak oyning Qadr kechasida yakunlandi. Bu oyda, ayniqsa, “Inson qadri uchun!” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan islohotlarga mos tarzda mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari keng quloch yoydi. Davlatimiz rahbarining e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli ushbu muqaddas oyda viloyatimizdan 100 nafar kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar vakillari va faol nuroniylarimiz davlat hisobidan Saudiya Arabistonida muborak Umra safariga borib keldilar. Har bir mahallada ehtiyojmand aholi uchun iftorlik marosimlari tashkil etildi. Shuningdek, viloyatimiz rahbarlari, mas’ullar ishtirokida mahallalardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlar, keksalar xonadonida iftorlik dasturxonlari yozildi, ularga sovg‘a-salomlar ulashildi. Bu kabi muruvvat tadbirlari bugun – hayit kuni ham davom etmoqda. Kam ta’minlangan, yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan insonlar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Hayit munosabati bilan davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, 21 aprel dam olish kuni, 24 aprel esa qo‘shimcha dam olish kuni deb, e’lon qilinib, yurtdoshlarimizga uzluksiz to‘rt kun hordiq chiqarish va ushbu bayramni nishonlash uchun imkoniyat yaratildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA