“Tashabbusli byudjet” jarayoni jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha mamlakatimizda joriy etilgan ilk amaliyot hisoblanadi va bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar 2018 yilda qo‘yilgan.
2021 yildan 2023 yilgacha davlat byudjetidan “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun qariyb 7 trillion so‘m ajratilgan. 2024 yilda esa 8 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan, 1-mavsum uchun 3,3 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu va “Tashabbusli byudjet”ning joriy mavsumda o‘tkazilishi bilan bog‘liq yangiliklar xususida Iqtisodiyot va moliya vazirligi yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Choriyev bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi bu yilgi “Tashabbusli byudjet”ning ikkichi mavsumi qachon boshlanadi va yana qanday yangiliklar kiritildi?
- Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 1-mavsumi 1 fevraldan 4 aprelga qadar o‘tkazilib, fuqarolar tomonidan 35 mingdan ortiq loyihalar kelib tushdi.
Saralash bosqichida 29 mingdar ortiq takliflar ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi va 6,5 mingga yaqin taklif nizom talablariga mos kelmaganligi sababli tuman-shahar ishchi komissiyalari tomonidan rad etildi.
Ovoz berish bosqichida 11,7 mln fuqarolar ishtirok etdi hamda 5 aprel kuni “Ochiq byudjet” portalida g‘olib loyihalar e’lon qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2 253 ta mahalla fuqarolari tomonidan ilgari surilgan, 8,8 mln fuqaro tomonidan ovoz berilgan 3 trln 390 mlrd so‘mlik 2 824 ta loyihalar g‘olib deb topildi.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarining joriy yil ikkinchi mavsumini 6 iyul sanasidan boshlanib, 1 sentyabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bunda: 6-26 iyul - taklif kiritish bosqichi, 26 iyuldan-15 avgustga qadar moderatsiya bosqichi, 15 - 22 avgustdan saralashdan o‘tgan loyihalar bo‘yicha targ‘ibot bosqichi, 22 avgustdan - 1 sentyabrga qadar saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Hozirda taklif kiritish bosqichi doirasida fuqarolarimiz tomonidan 23 mingdan ortiq takliflar “Ochiq byudjet” axborot portaliga kelib tushdi. Ma’lumot uchun, ikkinchi mavsum uchun qariyb 2,1 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarimiz uchun ovoz berish jarayonlarini yanada takomillashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida aynan keng jamaotchilik tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda ovoz berish jarayonlarini 10 kun etib belgilandi.
Bunda moderatsiyadan, ya’ni saralashdan o‘tgan loyihalar bo‘yicha
7 kunlik targ‘ibot kunini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, tashabbuskor fuqarolarimiz aynan ushbu bosqichda loyihalariga ovoz to‘plash uchun o‘z tarafdorlarini va bevosita tegishli taklifga befarq bo‘lmagan aholiga loyihaning maqsadini, natijadorligini tushuntirgan holda o‘z loyihalarini targ‘ib qiladilar, shuningdek, mazkur 7 kunlik bosqich o‘z yakuniga yetganidan keyin 10 kunlik ovoz berish jarayonlariga start beriladi... (davomi videoda)
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oQLjZO2POJk" title="Bu yil “Tashabbusli byudjet” 8 trln soʻmga koʻtariladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA