Bu haqda Davlat test markazida faoliyat ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
Tadbirda davlat boshqaruvi organlari va jamoatchilik tashkilotlari mutasaddilari,ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar o‘tgan yilda 1 million 484 ming 463 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 1 million 633 mingga yetishi prognoz qilinmoqda.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili test topshiriqlarini takomillashtirishda ona tili va adabiyotdan badiiy asarlardan test topshiriqlari shakllantirilgan bo‘lsa, tarix fanidan yozuvsiz xarita, jadval va tasvirli test topshiriqlari ko‘paytirilgan. Matematikadan diagramma va chizma shakldagi test topshiriqlaridan va ingliz tilidan tasvirli test topshiriqlari ishlab chiqilgan. O‘tgan yili abituriyentlar uchun 5 ta ta’lim yo‘nalishini tanlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, bu yil abituriyentlar cheklanmagan miqdorda ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi mumkin.
Abituriyentlar endi istalgan vaqtda o‘z bilimlarini sinab ko‘rishi mumkin.Buning uchun e-Sinov tizimi ishga tushirilgan va tizimdan foydalanish mutlaqo bepul.
Tizimdan 3 ta tilda foydalanish mumkin va unga 24 ta fandan test topshiriqlari joylashtirilgan.Bugunga kelib, tizimdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 379 ming nafarni tashkil qiladi.Foydalanuvchilar tomonidan 4 million 64 mingdan ortiq kitob buyurtma qilingan.
Press-tur davomida tadbir ishtirokchilari DTM ning yopiq tarzda ishlaydigan ish holatlari bilan ham yaqindan tanishdi.
bugungi kunda DTM da chop etish uskunalari 65 dona bo‘lib, kunlik test topshiriqlari kitobini chop etish imkoniyati 100 mingga yaqinni tashkil qiladi. O‘tgan yil davomida 11 million 653 ming 344 varaqli kitob chop etilgan.O‘tgan yilgi test jarayonlarida har kuni 118 mingta javoblar varaqasi optik qurilmalarda o‘qilib, natijalari hisoblangan.
2020 yilda hududlar, binolar hamda guruhlar bo‘yicha qutilarga va maxsus qoplarga joylangan 11 million 653 ming 344 varaqda maxfiyligi ta’minlangan holda chop etilgan 1 million 706 ming 17 ta test topshiriqlari kitobi Feldgerlik xizmati tomonidan hududlarga yetkazilgan.
Davlat test markazining hududiy bo‘limlarini joylashtirish maqsadida Buxoro shahrida 2 gektar yerda hamma qulayliklarga ega bo‘lgan katta sig‘imdagi bino va inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.Qurilish ishlari joriy yilning aprel oylarida yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, binoda bir vaqtning o‘zida 1 ming 200 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Mazkur tipdagi binolar 2020-2022 yillar davomida respublikamizning barcha hududlarida qurilishi rejalashtirilgan.
Davlat test markazi faoliyati faqatgina oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlaridan iborat emas.Har yili boshqa ta’lim tashkilotlari bilan ham hamkorlikda test sinovlari o‘tkazib kelinadi. O‘tgan yili hamkorlik asosida 28 ta turli tashkilotdan, masalan, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish uchun 20 mingga yaqin test sinovi o‘tkazilgan.
Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasining umumta’lim fanlari bo‘yicha test savollarini ishlab chiqish, test savollarini yaratish bo‘limi yil davomida qat’iy talablar asosida belgilab qo‘yilgan ichki rejim sharoitida ish olib boradi va binoga kirib chiquvchilar soni cheklangan. Bo‘limga maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan xodimlarning kirib chiqishlariga ruxsat berilgan bo‘lib, ular maxsus kod yordamida binoga kiradi.Ichkariga kirishda hech qanday elektron qurilma olib kirilishiga ruxsat berilmaydi. Mazkur binoda ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, ekspertlar tomonidan savollar tayyorlab chiqiladi.
– Tayyorlangan savollarga minglab abituriyent baho beradi, –deydi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Umidjon Do‘stnazarov.– Abituriyentlar orasida kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.Biz ularga shunday takliflar berganmizki, test paytidayam savollarga qanday e’tirozlari bo‘lsa, bemalol og‘zaki va yozma murojaat etishi mumkin.Biz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test jarayonlari boshlanganida kuchaytirilgan rejimda ishlaymiz va har bir abituriyentning e’tirozi va taklifi alohida ko‘rib chiqiladi.Har bir xulosa davlat qabul komissiyasiga taqdim etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA