Bu yil 92 nafar o‘quvchi Prezident maktabini tamomladi
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tizimidagi Prezident maktablari bitiruvchilari uchun bitiruv kechasi bayram tadbiri tashkil etildi.
Aytish joizki, ayni paytda mamlakatimizdagi 4 ta Prezident maktablari joriy yilda o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini katta hayotga kuzatmoqda.
Joriy yilda Toshkent shahridagi Prezident maktabini 24 nafar, Xiva shahridagi Prezident maktabini 24 nafar, Namangan shahridagi Prezident maktabini 22 nafar va Nukus shahridagi Prezident maktabini 22 nafar, jami 92 nafar yosh bitirdi.
Hozirda 65 foizdan ziyod Prezident maktabi bitiruvchilari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qish taklifini bildirdi. Shunindek, o‘quvchilar orasida "El-yurt umidi" jamg‘armasi tanlovida g‘olib bo‘lganlar ham bor.
Shu bilan birga bitiruvchilar jahonning top mingtaligiga kiruvchi Arizona, Bristol, Kaliforniya universitetlari kabi 100 dan ortiq xorijiy va mahalliy oliy o‘quv muassasalaridan to‘liq grant asosida ta’lim olish uchun taklifni qo‘lga kiritdilar.
2021/2022-o‘quv yilida Prezident maktabi bitiruvchilari xorijiy universitetlardan jami 27 million dollardan ziyod grantni qo‘lga kiritishdi.

O‘quvilar uchun ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha individual maslahatlar berish, ularga dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqida ma’lumotlar berish hamda mazkur oliygohlarga hujjat topshirish, ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berish bugungi kunning eng muhim jihatlaridan biri ekanini inobatga olgan holda agentlik tasarruffidagi barcha Prezident maktablarida School consellor faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamkorligida IELTS va SAT tayyorlov kurslari tashkil etilgan. Shunga ko‘ra bitiruvchilar IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdilar. Xuddi shunday SAT sertifikatlarini qo‘lga kiritganlar 48 nafarni tashkil etdi.
Prezident maktablarining bitiruvchilarini munosib kuzatish maqsadida tashkil etilgan tadbirlar doirasida "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga sayohat tashkil etildi. Shunindek, Yangi O‘zbekiston universiteti, Yozuvchilar uyushmasi muzeyi, "Adiblar xiyoboni"ga ekskursiya uyushtirildi.
Bitiruv kechasi tadbirida Prezident maktablari bitiruvchilariga attestatlar topshirildi. Iqtidorli o‘quvchilar faxriy yorliqlar va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Maqsadbek Fayzullayev Toshkent shahridagi Prezident maktabini tamomladi. Biryo‘la jahonning 42 ta oliygohiga o‘qish imkonini qo‘lga kiritgan Maqsadbekning orzulari ham bir dunyo.
- Bilimda muvaffaqiyatlarga erishishning o‘zi bo‘lmadi, - dedi Maqsadbek Fayzullayev. - O‘qishda quvonchli kunlar bilan birga qiyin paytlar ham bo‘ldi. Bir paytlar bir-biriga mutlaqo begona bo‘lgan jamoa endi bir oila farzandlaridekmiz. Men Nyu-York universitetida o‘qishga kirib, axborot texnologiyalari yo‘nalishida mutaxassis bo‘lmoqchiman.
Bitiruv tadbiri yakunida yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA