Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyi hovlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Mahmud Toir, parlament quyi palatasi deputatlari Dilbar Usmanova, Atxam Nazirqulov, Nodirbek Abduvaliyev va mahalliy kengash deputatlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, “Maxam chirchiq” AJ boshqaruv raisi Xotam Sayidahmedov, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati, Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori Gafurjan Muxammedov, keng jamoatchilik vakillari, ilm-fan va madaniyat arboblari, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.

Barchaning qo‘llariga “Seniki”, “Meniki”, “Bizniki”, “Konstitutsiya – o‘zimizniki!”, “Bu mening tanlovim – mening Konstitutsiyam!”, “Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” yozuvlari tushirilgan rang-barang plakatlar, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi – 2023” yozuvi aks etgan oq rangli bayroqlarni ko‘tarib chiqdi. Kayfiyat esa a’lo darajada. Ishtirokchilar yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning xalqimiz hayotidagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilishi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga puxta zamin yaratgani qayd etildi.

O‘zbekiston xalq shoiri Maxmud Toir esa yangi tahrirdagi Qomus xalqchil Konstitutsiya sifatida dunyo yuzini ko‘rayotgani xususidagi o‘z mulohazalarini bildirdi. Bugun dunyo mamlakatlarida kechayotgan tahlikali hayot bolalarni otasidan, ayollarni sevimli yoridan, onalarni farzandlaridan ayirayotgan bir zamonda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik ne’mati va Konstitutsiya xalqimizni yanada jipslashtirib turganiga e’tibor qaratdi. Yangi O‘zbekistonning baxti birlik va jipslikda ekanini madh etgan ijod namunalaridan o‘qib berdi.

Tadbirda mahalliy kengashlardagi partiya deputatlari partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar yangi tahrirdagi Qomusning qonun loyihasida aks etganiga ham to‘xtalib o‘tishdi. Ularning aksariyati tadbirkorlar, fermerlar uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori Gafurjan Muxammedov esa mamlakatimizda O‘zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli harakatlar olib borilayotgani xususida to‘xtaldi. Yaqin yillarda ushbu ulug‘vor maqsadga erishish O‘zLiDeP dasturida ham o‘z ifodasini topgani, shunga mos ravishda yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshayotganini alohida e’tirof etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli” degan normaning mustahkamlanishi ushbu vazifani konstitutsiyaviy darajada kafolatini ta’minlashga xizmat qilishi muqarrar ekanini ta’kidladi. Mazkur qoida mazmunida davlat tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’lumot olish huquqi kafolatlanayotgani tahsinga sazovor ekanini aytarkan, mamlakatning yorug‘ istiqboliga befarq bo‘lmasdan, umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chorladi.

Tadbir ishtirokchilari barchani muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, bir qator professor-o‘qituvchilar va talabalar, sportchilar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga oid o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Bayramona ruhda kechgan tadbirda el suygan xonandalarning yoshlik, muhabbat va ona yurtni madh etgan kuy-qo‘shiqlari davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
A.Musayev, O‘zA.