Milliy matbuot markazida taniqli shoira, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, mohir publitsist Zulfiya Mo‘minovaning “Bu kunlarni she’r qil, shoirim” deb nomlangan kitobi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kitob taqdimotiga adabiyot muxlislari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, atoqli shoira, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Farida Afro‘z, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmonova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Sharifa Salimova, ustoz jurnalist va publitsist To‘lqin Eshbek, taniqli shoira Farog‘at Xudoyqulova va boshqalar Zulfiya Mo‘minova xalqimizning tinib-tinchimas, kuyinchak, hamisha odamlar orasida yuradigan, fidoyi va zahmatkash ijodkorlaridan biri ekanini e’tirof etdilar.

Mazkur kitob mamlakatimizning yetakchi bosma nashrlaridan joy olgan 70 ga yaqin publitsistik maqola, esselarning barchasi ulkan bunyodkorlik ishlarining mohiyati va salmog‘iga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Shu ma’noda doim daxldorlik hissi bilan yashayotgan, jonkuyar va bedor Zulfiya Mo‘minovaning qaynoq qalami ostida har bir maqola mukammal publitsistik asarga aylangan, deyish mumkin.
“Yurtimda bari yangi, hammasi yangi”, “Qoraqalpoq tomonlarda”, “Narpayim”, “Firdavsmonand Samarqandim”,”Sirdaryo bo‘ylarida”, “Ayting, qancha mehr kerak”, “Mardlik nasimlari esgan Vatan bu”, “Najot qushlari”, “Osmondan tushmadi bu gul, gulzorlar”, “Temir irodali oltin odamlar”, “To‘ylarni ne tomoshaga aylantirdik”, “Gazeta va jurnal baxt olib keladi” kabi maqolalar ayniqsa ta’sirli.

Turfa taqdirlarning iztiroblari, jazo muddatini o‘tayotgan mahkum ayollarning afsuslari, kichik tomorqasini farovonlik qo‘rg‘oniga aylantirayotgan mirishkor dehqonlar, armiyamiz qudratiga qudrat qo‘shayotgan azamatlar g‘ururi, dabdababozlik va isrofgarchilikdan boshi chiqmayotgan mahdud toifa haqida juda ibratli fikrlar bayon etilgan.
Zulfiya Mo‘minova mafkuraviy xurujlarga to‘la olamda har bir o‘quvchi qo‘lidan tutib, ogohlik va sergaklik qo‘ng‘irog‘ini chaladi, hamyurtlarimizni jasorat va ma’rifatga, shukronalikka da’vat etadi.
Serqirra shoira, xalqning dardu tashvishlari bilan yashayotgan, chin millatparvar, zamon bilan hamqadam va hamnafas qalamkash sifatida muqaddas yurtimiz, olijanob xalqimiz, mehnatkash va bag‘rikeng vatandoshlarimiz, dunyoda tengi yo‘q buyuk tariximiz qarshisida ta’zim qiladi. Tili ravon va nihoyatda jozibali uslubda yozilgan asarda badiiy-publitsistik ifoda uyg‘unligi ta’minlangani e’tiborga molik.

–Men qirq yoshimgacha Vatan haqida yozolmaganman, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z. – Sababi, Vatan haqida yozish katta mas’uliyat, teran yondashuvni, ona-Vatanni yurakdan his etishni talab etadi. Zulfiya Mo‘minova “Ma’naviyat karvonlari” loyihasi doirasida yurtimizning eng olis hududlarida bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashadi, islohotlarni o‘z ijodida aks ettiradi. Muallifning yangi kitobidan joy olgan 70 ga yaqin essening har biri alohida roman bo‘lishga arzigulik mavzu.
Kitob taqdimotida Zulfiya Mo‘minovaning ijodi, serqirra faoliyati va yangi asari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri