Bryussel Ukraina g‘allasi uchun alohida shart qo‘ymoqchi
Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi jarayonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun alohida qoidalar joriy etilishi mumkin. Yevropa Komissiyasi Ukraina don mahsulotlarini YeI bozoriga kiritish hamda qishloq xo‘jaligi mablag‘laridan foydalanishni cheklashni taklif qilmoqda.
Yevropa Ittifoqi komissari Marta Kosning aytishicha, Ukraina qishloq xo‘jaligi hajmi va tuzilishi boshqa davlatlardan farq qiladi. Shuning uchun Bryussel Kiyev uchun maxsus shartlar belgilab, Yevropa fermerlarini himoya qilishni maqsad qilmoqda.
Taklif Ukraina YeIga to‘liq a’zo bo‘lganidan keyin ham ayrim mahsulotlarga bozor va moliyaviy yordam bo‘yicha cheklovlarni saqlashni nazarda tutadi. Komissiya shu bilan birga Ukraina g‘allasi uchun Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi an’anaviy bozorlarga chiqish imkoniyatini tiklashni ko‘zlamoqda.
Tashabbus Polsha kabi davlatlarning xavotirlarini ham hisobga oladi. Ular Ukrainadan keladigan arzonroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mahalliy fermerlar va bozorga bosim qilishi mumkinligidan xavotirda.
Kiyev 2022-yilda YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, ammo jarayon Vengriyaning qarshiligi sabab uzoq vaqt sekinlashgan edi. Endi muzokaralar qayta jadallashmoqda. Ukraina uchun aniq a’zolik sanasi hozircha belgilanmagan: Bryussel uning kelajagi Rossiya bilan urush va ehtimoliy tinchlik jarayoni bilan ham bog‘liq ekanini tan olmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA