Bruno Kal: Rossiya yolg‘on gapirmoqda
Moskva NATOni o‘tgan asr 90-yillaridagi holatiga qaytarmoqchi, deya bayonot berdi Germaniya Razvedka xizmati boshlig‘i Bruno Kal.
– G‘arb davlatlari Rossiyaning yashirin niyatlariga aldanmasliklari kerak, chunki Moskva uchun Ukraina bilan mojaro G‘arb sari yurish yo‘lidagi bir qadam, – degan mulozim. – Moskvada NATO shartnomasining o‘zaro mudofaani nazarda tutuvchi 5-moddasi ishlayotganiga ishonmaydiganlar bor. Ular shuni tekshirib ko‘rmoqchi. Ruslar Shimoliy Atlantika alyansini 1990-yillar oxiridagi darajasiga qaytarish niyatida. Reja – Amerikani Yevropadan haydab chiqarish. Maqsadga erishish uchun har qanday vositadan foydalanilyapti. Buning uchun Rossiya keng miqyosda bombalashi yoki tank bo‘linmalarini kiritishi shart emas. Masalan, Estoniyadagi, go‘yoki, mazlum rus ozchiligini himoya qilish uchun buzg‘unchilarni yuborish kifoya. Va shundan keyin Moskva AQSH Prezidenti haqiqatan bunga javoban amerikalik askarlarni Atlantika okeani orqali jo‘natadimi yoki yo‘q, shuni ko‘rib chiqadi.
Avval ham Bruno Kal RF 2030 yilgacha NATOga qarshi harakatlar amalga oshirishi mumkinligini bir necha bor taxmin qilgan edi.
GFR tashqi razvedka xizmati rahbari Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi muzokaraning yaqin kelajakdagi istiqboli ko‘rinmayotganini ta’kidlagan. Bundan tashqari RF Ukrainada tinchlik o‘rnatishga intilayotganiga ishonmasligini aytgan.
K.Bekjonov, O‘zA