Britaniyadagi musulmon guruhi yakshanba kuni Liverpul shahridagi portlashning oldini olgani uchun taksi haydovchisi Devid Perrini olqishlamoqda.
Buyuk Britaniya Musulmonlar kengashi bosh kotibi Zara Muhammad o‘z bayonotida: “Hech narsa bu harakatni oqlamaydi va biz Devid Perrining hujumning oldini olish bo‘yicha tezkor harakatini olqishlaymiz”, – dedi.
“Kasalxonada ko‘plab musulmonlar ishlaydi va bu muassasa shahardagi eng katta masjidlardan biriga yaqin joylashgan. Bu qadriyatlarimizga hujum. Hujumga tez va qat’iy javob bergani uchun favqulodda xizmatlarga minnatdorlik bildiramiz”, – deya qo‘shimcha qilgan Zara Muhammad.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Perrining taksi avtomobili kasalxona tashqarisida yo‘lovchi tomonidan taksida olib kelingan qurilma portlashi oqibatida yonib ketgan.
Yo‘lovchidan shubhalangan Perri portlovchi moslama bilan kasalxonaga yetib borguncha uni qamab qo‘ygan. Hodisa oqibatida yo‘lovchi halok bo‘lgan.
“E’tiborli jihati shundaki, haydovchi taksidan uzoqlashishga ulgurgan, olgan jarohatlari uchun unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va hozirda shifoxonadan chiqarilgan”, — deyiladi politsiya xabarida.
Bosh vazir Boris Jonson Perriga tashakkur bildirib, mamlakatda terakt sodir bo‘lish ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlab o‘tgan.