O‘zbekiston sport delegatsiyasi joriy yilning ilk kompleks sport musobaqasi bo‘lgan “BRIKS” VI xalqaro sport o‘yinlarida ishtirok etish uchun Rossiyaning Qozon shahriga jo‘nab ketdi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Islom Karimov” nomidagi xalqaro aeroportda mazkur musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qiluvchi sport delegatsiyasini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov “BRIKS” VI xalqaro sport o‘yinlari yurtimiz sport jamoalari, alohida sportchilar uchun xalqaro musobaqalar ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Yurtimizda mahoratli yoshlarni tanlash, saralash, ularning iqtidorini namoyish qilishda davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilayotganligi, bu, Yangi O‘zbekistonning yangi sportchilar avlodini kamolga yetkazishda muhim omil ekanligini bildirib, Qozon musobaqalari ular uchun katta bellashuv maydoni bo‘lib xizmat qilishini aytib o‘tdi.
[gallery-17793]
Darhaqiqat, joriy yilning 12-24 iyun kunlari o‘tadigan “BRIKS” VI xalqaro sport o‘yinlari ishtirokchi davlatlar ko‘lami va sportchilar soni bo‘yicha yilning eng yirik kompleks musobaqasi hisoblanadi.
Qozon shahridagi 18 ta sport inshootida o‘tadigan 13 kunlik “BRIKS” o‘yinlari musobaqalarida dunyoning 60 ta davlatidan 4 ming nafarga yaqin sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Ular qatorida O‘zbekistonning 250 nafardan ziyod sportchisi yurtimiz sharafini himoya qilishi, ular o‘yinlar dasturidagi 27 ta sport turining 23 tasida “BRIKS”ning 389 ta medallar jamg‘armasidagi oltin-kumush-bronzalar uchun kechadigan qizg‘in bahslarda O‘zbekiston nomidan qatnashishi musobaqalarning ahamiyati va shiddati ne chog‘li yuksakligidan dalolatdir.
Eslatib o‘tamiz, “BRIKS” o‘yinlari bellashuvlarida yurtimizning mahoratli sportchilari akademik eshkak eshish, karate, sambo, sport gimnastikasi, erkin, yunon-rum va ayollar kurashi, dzyudo, qilichbozlik, badiiy gimnastika, futbol fidjital, kurash, belbog‘li kurash, suzish, shaxmat, sinxron suzish, u-shu, tennis, yengil atletika, suvga sakrash, basketbol fidjital, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks musobaqalarida ishtirok etadi.
T. Ro‘ziyev, R. Nazarmatov (foto) O‘zA