Joriy yil 10-12 iyun kunlari Yangi O‘zbekiston hayotidagi eng muhim xalqaro darajadagi tadbirlardan biri – IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkaziladi.
29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari, shuningdek, shakllantirilayotgan loyihalar portfeli, tashrifi kutilayotgan yuqori martabali delegatsiyalar va spikerlar masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi – IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘ziga xos jihati shundaki, ilk bor investitsiya ko‘rgazmasi tashkil qilinadi. Unda yirik mahalliy xususiy kompaniyalar xalqaro investorlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, forum doirasida panel muhokamalar va uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Ma’lum qilinishicha, xalqaro forumda 3 mingdan ziyod, jumladan, vazirlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, siyosatchilar, iqtisodchilar, dunyoning yetakchi korporatsiyalari va investitsiya fondlari top-menejerlari, shuningdek, barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya bo‘yicha ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Brifingda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan sarmoyaviy markaz sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
– Oxirgi yetti yil ichida iqtisodiyotimizni erkinlashtirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va investorlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirildi, – dedi vazir. – Mamlakatimiz keyingi yillarda 90 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning o‘zida yalpi ichki mahsulotimiz 6 foizga oshdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilingani ortidan 2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 200 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Vazir bu maqsadga erishishda xorijiy investitsiyalar katta rol o‘ynashini alohida ta’kidladi.
– Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz uchun muhim platforma bo‘ladi, investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibador mamlakat sifatidagi imijini targ‘ib qilishda katta ahamiyat kasb etadi, – deya fikr bildirdi Laziz Qudratov.

Forum doirasida 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi hukumat va xorijiy investorlar ishtirokida mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilash istiqbollari va O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili – III Toshkent xalqaro investitsiya forumida 93 ta mamlakatdan 2,5 mingdan ziyod vakil qatnashgan. Forum doirasida 26,6 milliard dollarlik kelishuvlar imzolangan. Umuman, 2022 yildan boshlab o‘tkazilayotgan uchta forumda 44 milliard dollarlik 357 ta investitsiya kelishuvi imzolangan.

Brifingda jurnalistlar bo‘lajak forum bilan bog‘liq turli savollariga javob olishdi. Jumladan, panel sessiyalar dasturi tig‘iz, ya’ni parallel o‘tishini inobatga olib, media vakillari uchun qulayliklar yaratish ustida ish olib borilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, OAV forumning kunlik tafsilotlarini keng yoritib borishi uchun matbuot anjumanlari tashkil etilishi maqsadga muvofiq ekani aytildi.
Brifingda ishtirok etgan O‘zA muxbiri joriy forum uchun shakllantirilayotgan loyihalar portfeli, xalqaro institutlar uchun tayyorlanayotgan tashabbuslar xususida savol bilan yuzlandi:
– O‘tgan yili Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo‘yicha 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan bo‘lsa, unda rejalashtirilgan asosiy loyihalardan biri – Yangi Toshkent infratuzilmasini barpo etish edi. Mazkur loyiha doirasida davlatimiz rahbari boshchiligida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. O‘z navbatida, bu yilgi forumda taqdim etilishi kutilayotgan shu kabi qaysi muhim loyihalarni ayta olasiz?
– Bu yilgi forum uchun eng yirik loyihalar portfelini ishlab chiqyapmiz, deb ayta olaman. Jumladan, yashil energetika, suv xo‘jaligi kabi sohalarda ayniqsa, keng hamkorlikka erishishni ko‘zlaganmiz. Hozirga kelib 20 milliard dollarlik loyiha portfelini shakllantirib bo‘ldik. Albatta, xalqaro moliya institutlari, xorijiy investorlar ham o‘zlarining takliflarini kiritadi. Bilasizmi, poytaxtimizda o‘tayotgan investitsiya forumlari ko‘plab yirik tadbirkorlarni bir nuqtaga jamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Faqat bizning takliflarimiz yoki ikki tomonlama kelishuvlar emas, balki ko‘p tomonlama shartnomalar imzolanishi ham tabiiy.
Xalqaro investitsiya tashkilotlari O‘zbekistonga qiziqish bildirib, loyihalarimiz bilan ishlashga tayyor. Birgina misol, davlatimiz rahbarining joriy yilda Fransiyaga tashrifi doirasida fransuz kompaniyalari bilan uchrashgandik. O‘shanda yevropalik investorlar O‘zbekistonga sarmoya olib kirish, mamlakatda bo‘layotgan xalqaro voqeliklarni diqqat bilan kuzatib borayotganini aytib, hatto Toshkentdagi investitsiya forumida ishtirok etishga taklifnoma yuborishimizni so‘ragan, – dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbiri