BRICS-2026 uchrashuvi va ko‘p qutbli dunyo
So‘nggi yillarda xalqaro siyosiy tizimda tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan va uzoq vaqt davomida G‘arb markazi bo‘lib kelgan global tartib endi o‘z ta’sir kuchini yo‘qota boshladi. Geosiyosiy raqobat kuchayishi, sanksiya siyosati, mintaqaviy mojarolar va global inqiroz natijasida dunyo yangi – ko‘p qutbli rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ayni sharoitda, jumladan, BRICS formati xalqaro munosabatlarda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) dastlab iqtisodiy o‘sishga ega davlatlar muloqot maydoni sifatida shakllangan bo‘lsa, bugun global boshqaruv, xalqaro adolat va iqtisodiy muvozanat masalalarida ham o‘ziga xos qarashga ega tuzilmaga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan 2026 yil Hindistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BRICS sammiti ushbu formatning kelgusi yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
BRICS va ko‘p qutbli dunyo g‘oyasining shakllanishi
Ko‘p qutbli dunyo konsepsiyasi xalqaro munosabatlarda yagona yetakchi markaz mavjud emasligi, qarorlar bir necha siyosiy-iqtisodiy kuch o‘rtasidagi muvozanat asosida qabul qilinishiga tayanadi. BRICS aynan shu g‘oyani ilgari surayotgan maydonlardan biri sifatida ko‘riladi. Tuzilma a’zolari dunyo aholisining katta qismi, jahon yalpi ichki mahsulotining salmoqli ulushi va behisob strategik tabiiy resurslarni birlashtirgan.
BRICS davlatlari tomonidan tez-tez ta’kidlanayotgan asosiy jihat – xalqaro institutlar, jumladan BMT, XVJ va Jahon banki faoliyatini isloh qilish zaruratidir. Ta’kidlanishicha, hozirgi geosiyosiy voqelikni to‘liq aks ettira olmayotgan mazkur tuzilmalar rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatini yetarlicha hisobga olmayapti. Shu bois BRICS ko‘p qutbli dunyoda adolatli boshqaruv mexanizmini shakllantirish tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda.
2026 yilgi BRICS sammiti: Hindiston omili
2026 yil BRICS raisligi Hindiston uchun beqiyos siyosiy va diplomatik imkoniyat hisoblanadi. Mamlakat so‘nggi yillarda “Global South” manfaatini faol ilgari surib, xalqaro maydonda mustaqil pozitsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilmoqda. Dehli rahbarligida o‘tadigan sammitda ko‘p tomonlama diplomatiya, iqtisodiy hamkorlikni diversifikatsiya qilish va texnologik taraqqiyot masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi kutilyapti.
Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, energetika xavfsizligi va barqaror rivojlanish masalalari BRICS kun tartibi markaziga chiqishi ehtimoli yuqori. Bu esa tashkilotni an’anaviy xom ashyo va savdo masalalari bilan cheklanib qolmasdan, kelajak texnologiyalari va global qoidalarni shakllantirishga da’vo qiluvchi platformaga aylantirishi mumkin.
BRICS va global siyosatdagi o‘rni
Bugungi kunda BRICSni G‘arbga qarshi blok sifatida talqin qilishga urinish mavjud. Binobarin, tuzilma rasmiy bayonotlarida o‘zini qarshi qutb emas, balki teng huquqli hamkorlikka asoslangan muqobil model sifatida ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda BRICS ko‘p qutbli dunyoda ziddiyatni kuchaytirish emas, balki manfaatlar muvozanatini ta’minlash orqali barqarorlikka erishishni maqsad qiladi.
Kengayish siyosati va tashkilotga qo‘shilish istagini bildirgan davlatlar soni ortib borayotgani ham ushbu formatning jozibadorligini ko‘rsatadi. Bu holat BRICSni xalqaro munosabatlarda muhim strategik markazlardan biriga aylantirish salohiyati mavjudligidan dalolat.
BRICS-2026 sammiti: kutilgan qarorlar, ehtimoliy ssenariylar
2026 yilgi BRICS uchrashuvi nafaqat deklarativ bayonotlar, balki aniq mexanizmlar ishlab chiqish nuqtai nazaridan ham hal qiluvchi bosqich bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, xalqaro moliyaviy tizimda dollarning ustuvor o‘rni, sanksiya siyosati va iqtisodiy bosim vositalari ko‘payib borayotgani BRICS doirasida jiddiy muhokama qilinayotgan masalalar hisoblanadi. Shu bois sammitda milliy valyutalarda hisob-kitob qilish, o‘zaro savdoni yengillashtirish va Yangi taraqqiyot banki – “New Development Bank” rolini kuchaytirish mavzulari yanada dolzarb tus oladi.
Bundan tashqari energetika va xom ashyo bozoridagi o‘zgarishlar ham BRICS kun tartibidan o‘rin olishi kutilyapti. Rossiya, Braziliya va Janubiy Afrika tabiiy resurslarga boy, Xitoy va Hindiston esa yirik iste’molchi mamlakatlar sifatida energetika xavfsizligi va barqaror ta’minot zanjiri masalasida o‘zaro manfaatli yechimlarga erishishga intilmoqda. Ayni omillar global bozorlarda kuchlar nisbatiga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ko‘p qutbli dunyoda BRICSning strategik ahamiyati
Ko‘p qutbli dunyo sharoitidagi ahamiyati BRICSning harbiy yoki mafkuraviy blok emasligida namoyon bo‘ladi. Ushbu format turli sivilizatsion, siyosiy va iqtisodiy modellarga ega davlatlarni bir maydonda birlashtira olgani bilan ajralib turadi. Ya’ni, BRICSga murakkab global muammolarni muzokara va konsensus orqali hal qilishga qodir tuzilma, deb qarash mumkin.
Shu nuqtai nazardan tuzilma ko‘p qutbli dunyoda G‘arb va boshqa davlatlar o‘rtasida muayyan muvozanatlovchi vazifasini bajarishi mumkin. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun BRICS xalqaro maydonda o‘z manfaatini erkinroq ifoda etish imkoniyatini yaratmoqda. Natijada global siyosatda yangi ovozlar paydo bo‘lmoqda.
Tanqid va cheklovlar
Tabiiyki, BRICS formatiga nisbatan tanqidiy qarashlar ham yo‘q emas. Ayrim tahlilchilar a’zolar o‘rtasidagi iqtisodiy salohiyat va siyosiy manfaat turlicha ekani tashkilot faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishadi. Masalan, Xitoy va Hindiston raqobati, Rossiyaga nisbatan sanksiya, Braziliya va Janubiy Afrikadagi ichki siyosiy o‘zgarishlar BRICS bir butun pozitsiya egallashini qiyinlashtirayotgandek.
Qolaversa, BRICS qarorlari aksar holatlarda maslahat xususiyatiga egaligi, yechimlarni amaliy ijroga tatbiq etish mexanizmi yetarlicha kuchli emasligi ham asosiy muammolar sifatida ko‘rsatiladi. Shu bois 2026 yilgi sammitda aynan institutsional mustahkamlik va amaliy mexanizmlar masalasi markazga chiqishi mumkin.
Umuman, mazkur uchrashuv ko‘p qutbli dunyo shakllanayotgan bir paytda global siyosiy jarayonning muhim nuqtasi tarzida namoyon bo‘ladi. BRICS kelajakda qanday yo‘l tutadi? Haqiqatan global tartibni qayta shakllantiruvchi kuchga aylana oladimi yoki muloqot maydoni sifatida qoladimi? Anjuman ayni savollarga javob olish imkonini yaratadi.
Musulmon Ziyo,
O‘zA sharhlovchisi