Braziliya - O‘zbekiston tovar aylanmasi 300 million dollarga yetdi
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra boshchiligidagi delegatsiya bugun O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida 2025-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori qariyb 300 million dollarni tashkil etgani, tomonlar qishloq xo‘jaligi, energetika, aviatsiya va farmatsevtika yo‘nalishlarida sheriklikni chuqurlashtirish uchun ulkan imkoniyatlarga egaligi tasdiqlandi. Hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishi va C5+1 shaklidagi hamkorlik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ma’qullandi.

Qayd etish kerak, Braziliya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur uchrashuv har ikki davlat o‘zaro sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amaliy tashabbuslarni ilgari surishga tayyorligini ko‘rsatdi.


Tashrif doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ikki davlatning 50 dan ortiq tadbirkori ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Ochiq muloqot davomida ishbilarmon doira vakillari istiqbolli loyihalarni muhokama qilib, sarmoviy tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab oldi. Qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA