Braziliya AQSHda Xorvatiyani mag‘lub etdi
Braziliya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. O‘yin AQSHning Orlando shahridagi "Orlando Sitrus Boul" stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda Braziliya terma jamoasi futbolchilari 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda "pentakampeonlar" himoyachisi Danilo vinger Vinisius Juniorning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi.
84-daqiqada xorvatiyalik yarim himoyachi Lovro Mayer muvozanatni tikladi.
Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, braziliyalik hujumchi Igor Tyago penaltini aniq amalga oshirib, Janubiy Amerika jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
90+2-daqiqada esa Gabriel Martinelli Endrikning pasidan so‘ng JCh-2018 kumush medallari sohiblari darvozasini ishg‘ol qilib, yakuniy natijani o‘rnatdi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi o‘rtoqlik uchrashuvida Braziliya Fransiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan, Xorvatiya esa Kolumbiyadan ustun kelgan edi (2:1).