Brakoner inspektorni otib qo‘ydi
Buxoro viloyatida inspektor xizmat vaqtida yaralandi. Bu haqida Tabiat resurslari vazirligi Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida reyd tadbiri olib borayotgan tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i, inspektor Mirali Hojiyev xizmat vaqtida yaralangan. Aniqlanishicha, inspektor Qorovulbozor hududida noqonuniy ov qilinayotganidan xabar topgan. Holatga chek qo‘yish maqsadida voqea joyiga borganida esa brakoner tomonidan o‘q uzilishi natijasida qo‘lidan yaralangan. Brakoner voqea joyidan yashiringan.
Inspektorga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni damda uning ahvoli yaxshi. Brakonerlarni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA