Bozor qurilishiga 12 milliard 350 million soʻm sarflanadi
Buxoro viloyati Jondor tumani markazidagi “Dehqon bozori” oʻtgan asrning saksonchi yillarida bunyod etilgan.
Buxoro viloyati Jondor tumani markazidagi “Dehqon bozori” oʻtgan asrning saksonchi yillarida bunyod etilgan.
Shiddat bilan ilgarilab borayotgan zamon bugun barchamizda yangicha qarash va yangicha ish tutishni talab etmoqda. Bozorlarda aholiga savdo va xizmat koʻrsatish sohasida yangi texnologiyalar va innovatsion gʻoyalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Tumanning Navgadi mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Yakkatut-Jondor” avtomobil yoʻli yoqasida yangi “Jondor dehqon bozori” bunyod etilmoqda.
Maydoni 2,5 gektar boʻlgan ushbu bozor qurilishining loyiha qiymati 12 milliard 350 million soʻmni tashkil etmoqda. Uning qurilishiga TIF Milliy banki tomonidan 2 milliard soʻm kredit mablagʻi yoʻnaltirilgan. Ushbu bozorni Nodir Murodov rahbarlik qilayotgan “Jondor Eko Bozor” masʼuliyati cheklangan jamiyati qurmoqda.
Yangi bozor kompleksida 2 qavatli yopiq savdo majmuasi, jami 440 rastali 3 ta yozgi pavilyon, non va non mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, goʻsht va goʻsht mahsulotlari uchun alohida pavilyonlar qurilishi bilan birga, don va dukkakli mahsulotlar uchun alohida savdo rastalari ham oʻrin olgan.
Bozorga qatnaydigan aholiga qulaylik yaratish maqsadida avtoturargoh ham bunyod etilmoqda. Bundan tashqari, xaridorlar tuman Xalq bankining tuman filiali, dorixona, ona va bola uchun alohida xonalar bilan birga barcha zaruriy shart-sharoitlar muhayyo etilmoqda.
Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida tuman markazi bilan bozorni bogʻlovchi muntazam transport qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
Bozor hududida qurilish, xoʻjalik mollari bilan savdo qiluvchi savdo komlekslari ham faoliyat yuritadi.
Ayni paytda bozor hududini elektr va suv tarmoqlariga ulash ishlarini yakunlash, avtoturargoh hududi, bozor atrofiga asfalt yotqizish hamda obodonlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.