Bozor o‘zgarmoqda, makler-chi?
Zamon shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Iqtisodiyotning qon tomiri hisoblangan oldi-sotdi munosabatlari, xususan, ko‘chmas mulk bozori ham bu evrilishlardan chetda qolmayapti. Bugun uy-joy nafaqat boshpana, balki eng ishonchli investitsiya va ijtimoiy barqarorlik ramziga aylandi. Poytaxt Toshkentda uy izlagan yoki sotayotgan kishi borki, albatta, bir qatlamga — “makler” deb ataluvchi vositachilarga duch keladi.
Kimdir ularga ishonchsizlik bilan qaraydi, kimdir ularsiz ishi bitmasligini biladi. Ammo vaqt bir joyda to‘xtab turmaydi: sohaga raqamli texnologiyalar, Telegram-kanallar va nihoyat 2026-yilning 1-aprelidan boshlab naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi kirib keldi.
Xo‘sh, an’anaviy “uy bozorlari” va maklerlik xizmati bu yangiliklarga qanchalik tayyor? Ushbu maqola orqali sohaning ichki olamiga nazar tashlashga, zamonaviy talablar maklerlar faoliyatiga qanday ta’sir qilayotganini o‘rganishga harakat qildik.
Hammasi oddiy bir kuzatuvdan boshlandi. Chilonzor metro bekatida avtobus kutib turgan bir paytimda o‘rta yoshlardagi ayol kelib:
— Kechirasiz, uy bozori qayerda? — deb so‘rab qoldi.
— Assalomu alaykum, bilmayman, uzr, — dedim.
Ayol yonimizdagi yigitga murojaat qildi. Yigit yo‘lni ko‘rsatar ekan, o‘z maslahatini ham qo‘shib qo‘ydi:
— Maklerlarga uncha ishonch yo‘q. Undan ko‘ra Telegram kanallaridan uy qidirganingiz ma’qul.
Ayol esa boshini chayqab: — Men ijtimoiy tarmoqlarni tushunmayman, oddiy telefon ishlataman, — dedi va uy bozori tomon yo‘l oldi.
Bu holat meni o‘ylantirib qo‘ydi: maklerlik xizmati aslida qachon paydo bo‘lgan va bugun undan kimlar foydalanadi? Qiziqish bilan men ham uy bozori tomon bordim.
Ma’lumot o‘rnida: маклер — bu sotuvchi va xaridor o‘rtasida vositachilik qiluvchi shaxs. Atama XVIII asrda paydo bo‘lgan bo‘lib, nemis tilidan olingan. O‘zbekistonda bu yo‘nalish 1990-yillarda, xususiylashtirish jarayonlari boshlangach shakllandi.
Bugungi maklerlar o‘z ishini qanday tashkil etgan? 2026-yil 1-apreldan joriy etilgan naqd pulsiz savdo tartibi ularga qanday ta’sir qildi? Shu kabi savollar bilan soha vakillariga yuzlandim.
— 1-apreldan boshlab naqd pulsiz to‘lovlar joriy etilishi faoliyatingizga qanday ta’sir qiladi? Endilikda xizmat haqqini qanday shaklda olasiz?
— Bu o‘zgarish faoliyatimizga deyarli ta’sir qilmaydi, — deydi Chilonzor uy bozori makleri Mehroj Bobonazarov. — Biz har bir sotilgan uy bo‘yicha kamida 3 foiz xizmat haqqi olamiz. Pulning naqd yoki naqdsiz shaklda bo‘lishi biz uchun ahamiyatli emas. Yangi tartibning qulay tomoni shundaki, mijoz pulni bank orqali plastik kartaga o‘tkazib, to‘lovni rasmiylashtirishi mumkin. Bank xizmati uchun atigi 206 ming so‘m to‘lanadi, xolos.

— Uy narxlarining pasayish yoki ko‘tarilish mavsumi bormi?
— Narxlar yil sayin oshib bormoqda, — deydi yana bir makler. — Odatda yanvar-fevral oylarida ijara biroz arzonlashardi, ammo bu yil bunday bo‘lmadi. Toshkentga keluvchilar oqimi juda katta. Yozning oxiri va kuzning boshida esa talabalar kelishi hisobiga narxlar yana ko‘tariladi. Dollar kursining o‘zgarishi ham asosiy omillardan biri.
— Nega talabalar uchun ijara masalasi doim murakkab bo‘lib kelgan?
— Sababi oddiy: ko‘pchilik uy egalari talabalarni mas’uliyatli ijarachi sifatida qabul qilmaydi. Tozalik va qo‘shnilar bilan munosabat masalasida xavotirlar bo‘ladi, — deydi Mehroj Bobonazarov.
Suhbat davomida maklerlik xizmatining boshqa jihatlariga ham oydinlik kiritildi. Ma’lum bo‘lishicha, uy egasi vositachiga haq to‘lamaydi, asosiy komissiya ijarachi yoki xaridor zimmasiga tushadi. Daromad esa barqaror emas: ba’zan kun bo‘yi baraka bo‘lmasa, ba’zan bir kunda 500 dollargacha ishlab topish mumkin.
– Eng muhimi — ishonch, deydi uy bozorida katta tajriba orttirgan yana bir makler Komiljon aka. – Asosiy maqsad faqat daromad emas, balki tomonlarning roziligi va halollik bo‘lishi kerak. Bizda taklif, mijozda esa tanlov.
Chilonzordagi uy bozori va maklerlar bilan kechgan suhbat shuni ko‘rsatadiki, ko‘chmas mulk bozori katta transformatsiya ostonasida turibdi. Naqd pulsiz hisob-kitoblarning joriy etilishi sohani shaffoflashtirish sari tashlangan muhim qadamdir. Bu tizim maklerlarni qo‘rqitmayapti, aksincha, zamon bilan hamnafas bo‘lishga undamoqda.
Biroq, faqatgina texnik yangilanishlar yetarli emas. Ko‘chmas mulk bozori bugun iqtisodiy tushunchadan ko‘ra ijtimoiy masalaga ko‘proq yaqinlashib qoldi. Uy-joy narxlarining tinimsiz o‘sishi, ayniqsa, talaba yoshlar va yosh oilalar uchun ijara muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Maklerlik faoliyatini yanada tartibga solish, sohaga professional rieltorlik madaniyatini to‘liq olib kirish va aholining barcha qatlamlari uchun uy-joy imkoniyatlarini kengaytirish davr talabidir. Zero, uy — bu shunchaki to‘rtta devor emas, bu — insonning ijtimoiy himoyasi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi demakdir.
Roza QURBONOVA,
ToshDO‘TAU talabasi