Bozor avtoturargohlari tartibga “solinadi”mi? (+video)
Bozorlarda aholiga yaratilgan sharoitlar qanday? Jumladan, avtoturargohlardagi holat bugungi kun talabiga mos keladimi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida sayyor guruhimiz Sergeli va Chorsu dehqon bozorlaridan reportaj tayyorladi.
Sayyor kameramiz ob’ektivini Sergeli dehqon bozoriga qaratar ekanmiz, kirishimiz bilanoq hunuk bir manzara gavdalandi. To‘g‘ri, qish fasli, yog‘ingarchiliklar ham bo‘lib turibdi, lekin bu omil bozor avtoturargohida bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarganini ko‘rishimiz mumkin. Eng achinarlisi, qo‘shtirnoq ichidagi bu “shart-sharoit” uchun aholidan bir marta kirishga: yengil avtoulovga 11 ming so‘m, yuk mashinasi egalariga 29 ming so‘m etib belgilanibdi. Balki, shahar hokimining bu qarori bozor ichidagi tirbandliklarni qisqartirar, biroq bu masalaning asl yechimi emasligini bozordagi sotuvchilarning kayfiyatidan ham anglab olsa bo‘ladi.
Bugun Sergeli va Yangihayot tumanida ko‘plab yangi massivlar qurilmoqda, aholi soni ko‘payapti, avtoulovlar soni ham kun sayin oshib bormoqda. Balki, bozor hududlarida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish vaqti yetgandir. O‘z navbatida tartibli bozorda soliq tushumlari ham yuqori bo‘ladi. Biroz kuzatganimizda avtoturargohga kirib-chiqayotgan avtomashina egalariga aksar xollarda chek berilmayapti. Bozorlarda avvalo xufyona iqtisodiyotga barham berish vaqt kelgandir.
Keyingi manzil “Chorsu” dehqon bozori. Shahar markazidagi ushbu maskan Sergeli bozori kabi so‘nggi yillarda deyarli o‘zgarmadi. Bu yerda ham chek bermaslik, tayyor bo‘lmagan avtoturargohga qimmat narx belgilanganligi, aslida avtoturargoh deyishga ham til bormaydigan bu joy uchun pul to‘layotganlarni ko‘rib achinasan kishi. Avtoturargohlar to‘liq elektron shaklga o‘tibdi, biroq “qalovini” topsangiz kirish yo‘lagidan ham chiqib ketish mumkinligini mana bu tasvirlar ko‘rsatib turibdi. Bu vaziyatni ko‘rib, to‘g‘risi ushbu avtomashinalar shu narxda avtoturargoh uchun to‘layotganliklariga ham shubha qildik. Chunki, garchi sharoitli avtoturargohda begim kunlari joy bo‘lsada, nimagadir ko‘pchilik sharoiti yo‘q joyga intilmoqda va bu yerda bo‘sh joyning o‘zi yo‘q.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2S5qb_wez1c" title="Bozor avtoturargohlari tartibga “solinadi”mi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xullas, bunday achinarli holatlarni bartaraf etishda shahar hokimligi va bozor ma’muriyati tomonidan biror-bir chora ko‘rishlariga umid qilib qolamiz.
Sanjar Toshpo‘latov,
Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA