Boysunlik qochoq otadan aliment pullari undirildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining o‘tgan yil 20 oktyabrdagi buyrug‘iga asosan B.Boltayevdan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilanib, uni ijro etish uchun MIB Muzrabot tumani bo‘limi ish yurituviga yuborilgan. Shunga muvofiq davlat ijrochilari majburiy ijro harakatlariga kirishgan.
Voyaga yetmagan jigarbandining moddiy ta’minotiga befarq bo‘lgan ota davlat ijrochisining tegishli ogohlantirishlariga qaramay, aliment to‘lashdan bosh tortib qochib yurgan. Shu bois alimentchi qochoq otaga qidiruv e’lon qilindi.
MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari chog‘ida B.Boltayev Boysun tumanidan topilib, ijro harakatlarini davom ettirish uchun Byuroning tuman bo‘limiga topshirildi. Shu yerda dastlab unga aliment to‘lashdan bosh tortgani uchun qonunda ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgani chuqur tushuntirildi. MIB xodimlarining maslahatidan to‘g‘ri xulosa chiqargan Burxonboy Muborak Ramazon hayiti arafasida farzandi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 7 oylik aliment puli, ya’ni 4 million 735 ming so‘m qarzini to‘liq to‘lab berdi.
Davlat ijrochilari alimentchi otaga nisbatan e’lon qilgan qidiruv qarorini bekor qilib, voyaga yetmagan farzand hayotida moddiy ta’minotning o‘rni va uni o‘z vaqtida to‘lab borishning ahamiyatini tushuntirdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA