Boysun tog‘lari oppoq qorga burkanmoqda
Surxondaryo viloyatidagi Boysun tog‘ tizmasida Ketmonchopdi, degan joy bor. Purviqor tog‘ cho‘qqisidagi bu yerning qor bilan qoplanishidan Boysun tumani aholisi kelgusi yil dehqonchilik serbaraka yoki kam bo‘lishini chamalab oladi. Ketmonchopdiga qor erta tushib, cho‘qqidagi chuqurlikni to‘ldirsa, oqsoqollar davralarda bo‘lg‘usi yil ham obi-hayot serob, don mo‘l, dasturxonlar to‘kin bo‘ladi, deya dehqonu sohibkorlarga asrlar sinovidan o‘tgan maslahat va tavsiyalarini bera boshlaydi.
[gallery-20518]
Bu yil ham Boysun tog‘lariga ilk qor erta tushdi. Ketmonchopdi yana qishning oppoq libosi bilan tevarak-atrofga o‘zgacha ko‘rk ulashmoqda. Kech kuzning mayin shabadasidan sarmast bo‘layotgan oppoq qor tog‘ etaklarida ham dimoqqa urilmoqda. Baland cho‘qqilardagi baraka nishonasi boysunliklarning ko‘nglini chog‘ etib, ertangi yanada farovon, to‘kin va obod hayotga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri