Boysun tumanida joriy yil may oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq milliy qadriyat va urf-odatlarimiz, noyob folklor san’atimiz namoyish etiladigan shodiyonada nafaqat mamlakatimizning eng mashhur folklor ansambllari, balki xorijliklar ham o‘z san’atlarini keng namoyish etadi. O‘zaro tajriba almashadi. Etnosport bellashuvlari, milliy taomlar va urf-odatlar ko‘rgazmalari festival ishtirokchilariga o‘zgacha shukuh ulashadi.

Ayni paytda festival bo‘lib o‘tadigan hududda mehmonxona, yirik sahna, anfiteatr, viloyatlar qo‘rg‘onlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari bunyod etilmoqda, yashillikka burkanadigan tog‘lar bag‘rida o‘tovlar o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tumanda bo‘lib, dunyo folklor san’at shinavandalarini so‘lim tog‘lar qo‘ynida uchrashtiradigan shodiyonaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Festivalni tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul ishchi guruhlar rahbarlarining taqdimotlari bilan tanishdi.
Viloyat hokimi ishchi guruhlarga, shuningdek, mutasaddilarga yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, sifatli xizmatlar ko‘rsatish va boshqa muhim masalalar yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri