Boy merosimiz, shiddatli bugunimizni aks ettiruvchi maskan
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugungi globallashuv jarayonlari zamon ziyolilari zimmasiga zalvorli, yanada ulkan vazifalar yuklayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Markaz faoliyati va muzey ekspozitsiyasini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirish kengashining navbatdagi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.
Unda Markaz mutasaddilari, olimlar, professorlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov yangilanayotgan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy jabhalardagi o‘zgarishlar jadal kechayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda dastlab 2023 yilda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Noyob merosimizni ilmiy asosda chuqur o‘rganish, buyuk mutafakkirlarimizning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan aholimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson qalbi va ongini egallash uchun turli tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash dolzarbdir.

2017 yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi va g‘oyasi bilan ana shunday ulug‘vor vazifalarni amalga oshiradigan, nainki yurtimiz, balki dunyo miqyosida yetakchi bo‘la oladigan, hech qaysi ilmiy markazlarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos ilm-ma’rifat maskani – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Markaz bir vaqtning o‘zida ham muzey, ham kutubxona, ham ilmiy-tadqiqotlar olib boriladigan ko‘p tarmoqli ilmiy, madaniy, ma’rifiy, ma’naviy muassasa shaklida bunyod etilmoqda. Shunga muvofiq ravishda uning faoliyati ham keng qamrovlidir. Unda qadimiy tariximiz va serqirra madaniyatimizning sarchashmalari bo‘lgan asl manbalar o‘rganilib, ajdodlarimiz yaratgan boy ilmiy va ma’naviy meros tadqiq etilmoqda. Islom ilmlari, ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va aniq fanlarga oid nodir manbalarni jamlash, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish kabi umummilliy ahamiyatga molik ishlarda ham Markazning alohida o‘rni bo‘ladi. Bunday manbalarning zamonaviy nashrlarini amalga oshirish, mamlakatimizda va xalqaro miqyosda ommalashtirish uning vazifalari qatoriga kiradi. Markaz keng ma’nodagi islom sivilizatsiyasining mazmunini, eng avvalo, muqaddas islom dinining insonparvar mohiyatini o‘zida mujassam etgan va targ‘ib qiladigan ilmiy nashrlarni ham chop ettirib, xalqaro ko‘lamdagi anjumanlarni o‘tkazmoqda. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi Fransiyadagi – Luvr, Angliyadagi – Britaniya, Nyu-Yorkdagi – Metropoliten muzeylari, Sankt-Peterburgdagi – Ermitaj kabi olamshumul ilmiy-ma’rifiy muassasalar qatoriga qo‘shilishga intilmoqda.

Toshkentning ma’naviy yuragi – Hazrati Imom majmuasi hududida bunyod etilayotgan mazkur muassasa ajdodlarimiz tomonidan islom sivilizatsiyasiga qo‘shilgan benazir hissaning barcha qirralari, jumladan, muqaddas dinimiz ravnaqi, ilmu fan taraqqiyoti, ma’naviy kamolot yo‘lidagi sa’y-harakatlari isbotlarini o‘zida mujassam etadi. Unga kelgan har bir fuqaro qanday buyuk yurtda tug‘ilgani, qanday ulug‘ insonlar vorisi ekani, zimmasidagi mas’uliyatning zalvorini chuqur his qiladi. Xorijiy mehmonlar esa, ushbu muassasa misolida O‘zbekistonning o‘tmishiyu buguni haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘ladi.
Markaz Hazrati Imom majmuasi hududidagi 7 gektarlik maydonda barpo etilmoqda. Uzunligi 161 metr, eni esa 118 metrni tashkil etadigan mazkur markaz binosi uch qavatdan iborat bo‘ladi. Bino markaziy gumbazining balandligi 65 metrni tashkil etadi. Markaz binosi 2024 yili foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda. Shu vaqtgacha Markaz dunyoning yigirmadan ziyod nufuzli xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalari, jumladan, UNESCO, ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Hamkorlik doirasida markazning maqsad va vazifalariga doir turli konferensiya va seminarlar muntazam tashkil etilmoqda. Bugungi kunga qadar Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda taqdimot marosimlari o‘tkazildi.
Markaz tashkilotchi va hamkor sifatida 73 ta xalqaro tadbir va uchrashuvlar o‘tkazdi. Xalqaro va xorijiy turdosh tashkilotlar bilan o‘tgan davr mobaynida jami 32 ta, shu jumladan 2023 yilda 4 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Markazda ilmiy darajalar beruvchi maxsus Kengash faoliyat yuritadi, shuningdek, OAK ro‘yxatidagi “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” jurnali chop etilmoqda.
Markaz binosi, muzey va kutubxonasini shakllantirish bo‘yicha 100 ga yaqin olim-mutaxassislardan iborat Ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan Markaz muzeyining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi takomillashtirilmoqda va tatbiq etilmoqda. Muzey ekspozitsiyasi loyihasida nazarda tutilgan eksponat, maket va mulyajdan 301 ta eksponat tayyorlandi. Ilmiy-ijodiy guruh tomonidan tayyorlangan 17 ta film ssenariysi turk tiliga tarjima qilindi. “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” bo‘limi konsepsiyasi asosida 40 ta mavzudan iborat ekspozitsiya loyihasi va uning 3D ko‘rinishi yaratildi.
Markaz kutubxona va arxiv fondida jami 560 ming 859 ta manba va adabiyotlar saqlanmoqda. Shundan 2037 ta qo‘lyozma va toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlar, 26 ming 648 ta zamonaviy nashrlar va 532 ming 174 ta elektron resurslar tashkil etadi. 103 ta ilmiy-ommabop kitob, monografiya, o‘quv qo‘llanma, risola va to‘plamlar nashr etildi. Shundan 2023 yilda 28 ta kitob va risola nashr qilindi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda diniy mazmundagi 400 ta material tahlil qilindi va raddiya sifatida 84 ta videorolik tayyorlandi.
Respublika fondlaridagi 52 ming 255 ta qadimiy yozma manbalar (shundan 21 ming 670 ta qo‘lyozma, 30 ming 585 ta toshbosma)ning ma’lumotlar bazasi yaratildi, 7 mingta yozma manbaning reyestri (pasporti) tayyorlandi. Davlat reyestriga kiritilgan 127 ta yozma manba raqamlashtirildi.
Markaz binosining ichki va tashqi bezaklari, xattotlik yozuvlari bo‘yicha axborot, asosiy ravoqlardagi mahobatli rangtasvir asarlari, Qur’on zali ravoqlaridagi ipak gilam yuzasiga tushirilgan oyatlar, shuningdek, istiqboldagi rejalar haqida axborot berildi. Markaz bir vaqtning o‘zida ham muzey, ham kutubxona, ham ilmiy-tadqiqotlar olib boriladigan ko‘p tarmoqli ilmiy, madaniy, ma’rifiy, ma’naviy muassasa shaklida bunyod etilmoqda.
Ushbu ma’rifat maskanining kelgusidagi faoliyat rejalari belgilandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati va muzey ekspozitsiyasini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirish kengashi raisi Muzaffar Komilov so‘zga chiqdi.
N.Usmonova, O‘zA