Botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishda moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatgan shaxslarga metsenat maqomi beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilinadi.
Botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
a) Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi;
b) "Yashil makon" umummilliy loyihasi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
v) xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. Bunda botanika va dendrologiya bog‘larini barpo etish uchun xalqaro konsultantlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish xarajatlari ham inobatga olinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda botanika va dendrologiya bog‘lari maydonining chegaralariga qadar tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini tashkil etish, jumladan, elektr energiyasi, gaz va suv ta’minoti, yo‘llar va telekommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha ishlarni tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Farmonga ko‘ra:
a) botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish maqsadida loyihalarni amalga oshirish doirasida import qilingan tovarlar, daraxt, buta ko‘chatlari va urug‘lari, maxsus va texnologik asbob-uskunalar, butlovchi qismlar:
majburiy muvofiqlikni baholash tartibotlaridan o‘tishdan;
bojxona boji to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);
b) botanika va dendrologiya bog‘lari hududida ilmiy tashkilotlarning ilmiy tajriba, eksperimental ishlar va yangi navlarning seleksiyasi bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish hamda boshqa ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekin va daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari yer solig‘idan ozod qilinadi.
Sinov tariqasida:
a) botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishda jismoniy va yuridik shaxslarga ushbu bog‘lardagi uchastkalar va (yoki) ular hududidagi noyob daraxtlarni o‘z nomiga shartnoma asosida biriktirib qo‘yishga (tamg‘alashga) ruxsat etiladi;
b) botanika va dendrologiya bog‘lari sportchi, san’atkor, tadbirkor va boshqa tashabbuskorlar mablag‘lari hisobiga tashkil etilganda bog‘ning kiraverishida uni tashkil etishda ishtirok etgan shaxslar nomlari bitilgan lavha o‘rnatiladi;
v) botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishda moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatgan shaxslarga metsenat maqomi beriladi;
g) ko‘chatchilik xizmatlari bilan shug‘ullanuvchilarga botanika va dendrologiya bog‘larining yer uchastkalarini noyob daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarish qilish uchun belgilangan tartibda ijara huquqi asosida berishga ruxsat etiladi. Bunda ijarachilar yer uchastkalaridan faqat daraxtlarni reklama va ekspozitsiya sifatida namoyish qilish uchun foydalanish hamda kelgusida daraxtlarni botanika va dendrologiya bog‘lariga qoldirish majburiyatini oladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab botanika va dendrologiya bog‘larining samarali faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida respublikaning har bir hududidan mazkur bog‘larga "yashillik elchisi" sifatida biriktiriladi.
O‘zA