Bo‘stonliqda velosportchilar uchun yangi sport bazasi ishga tushadi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida velosportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini samarali tashkil etishga mo‘ljallangan yangi sport bazasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi sport majmuasida velosportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud moddiy-texnik baza, mashg‘ulotlarni tashkil etish imkoniyatlari hamda hududda barpo etilgan yangi inshootlar ko‘zdan kechirildi. Unda viloyat murabbiylari ham ishtirok etdi.
O‘rganish jarayonida sportchilarning jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yuqori saviyada tashkil etish va muhim xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududi, tabiiy va iqlim sharoitlari velosportchilarning umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish, chidamlilik hamda funksional imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratadi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston velosport federatsiyasi hamda sport bazasi ma’muriyati o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari mazkur majmuada tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida bepul ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu esa terma jamoa vakillarining mashg‘ulot jarayonini tizimli tashkil etish, mavjud sport infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda yirik xalqaro musobaqalarga sifatli tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Kelgusida mazkur bazada milliy terma jamoa a’zolari, shuningdek, iqtidorli yosh velosportchilar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini muntazam o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yangi sport majmuasining faoliyat boshlashi O‘zbekistonda velosport infratuzilmasini rivojlantirish, sportchilar uchun zamonaviy tayyorgarlik sharoitlarini yaratish va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishga xizmat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA