Bo‘ston tumani paxta dalalarida chigit unib chiqdi
Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri dala maydonlarida chigit unib chiqdi.
Paxtachilik sohasida Andijonda ulkan tajriba maktabi yaratilgan. Plyonka ostiga chigit ekish, hosilni erta yetishtirish, sifatli hosil olishda, ayniqsa, bo‘stonlik paxtakorlarning o‘ziga xos an’analari bor. Shu bois ham tuman paxtakorlari paxtadan mo‘l hosil yetishtirib keladi.
“Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri dehqonlarining samarali mehnatlari bilan nafaqat tumanda, balki viloyatda birinchilar qatori yerga qadalgan chigitdan bir tekis ko‘chat undirildi.

Joriy yilda klaster korxona tomonidan 600 gektar maydonda plyonka ostiga, 400 gektar ochiq maydonga paxtaning “Andijon-35”, “Andijon-37” navlari ekilib, parvarishlanmoqda. Qilinayotgan mehnatlarning dastlabki samarasi yuz ko‘rsatdi. Dalalarda chigit bir tekis bo‘lib unib chiqdi.
Ayni paytda klaster korxonaning mutaxassislari, qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari tomonidan g‘o‘za maydonlarini zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari bilan ta’minlash, chigit unib chiqqan maydonlardagi g‘o‘za nihollariga ishlov berish ishlari olib borilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA