Boshqirdiston bilan mintaqalararo hamkorlik forumi
Xabaringiz bor, shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Nukus, Samarqand va Toshkent shaharlarida qator uchrashuvlar, mamlakatimiz sanoat salohiyati hamda tarixi va madaniyati bilan tanishishga qaratilgan tadbirlar tashkil qilindi.
Jumladan, bugun poytaximizda Boshqirdiston bilan mintaqalararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Respublikaning sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyati namoyish qilingan anjumanda hukumat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik korxonalar, kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad o‘zbek kompaniyalarini Boshqirdistondagi qulay investitsiyaviy muhit bilan tanishtirish, muvaffaqiyatli loyihalar tashkil etishga muvaffaq bo‘lgan ishbilarmonlar o‘rtasida tajriba almashish edi.
[gallery-7159]
bugungi kunda Boshqirdiston hududida o‘zbek kapitali ishtirokida 56 korxona savdo va restoran faoliyati, qurilish va uy-joy, ko‘chmas mulk operatsiyalari, yuridik xizmat, oziq-ovqat, mebel, qog‘oz mahsulotlari, sanoat uskunalari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, shuningdek, yog‘ochni qayta ishlash va transport tizimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Tomonlar mintaqalararo hamkorlik forumi bevosita biznes yo‘nalishida ikki tomonlama salohiyatni ochib berishga qaratilganini qayd etdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, kimyo, to‘qimachilik sohalarida sanoat kooperatsiyasi salohiyatidan unumli foydalanish kabi dolzarb mavzular ko‘tarildi. Bosh vazir Andrey Nazarov Boshqirdistonning investitsiyaviy imkoniyati, savdo korxonalari faoliyati xususida, umuman mintaqa haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston va Boshqirdiston mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanmayotgani, ko‘p qirrali hududlararo sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun ulkan imkoniyat borligi ta’kidlandi.
Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgani e’lon qilindi. Ushbu maqsadga, jumladan, O‘zbekiston hududlari va Boshqirdistonda joylashgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni doimiy faoliyat ko‘rsatayotgan “shou-rumlar”da namoyish etish uchun umumiy savdo uylari ochish orqali erishish mumkin.
Tomonlar sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, yarmarka va biznes-forumlarda korxonalarning tizimli ishtirokini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish zarur, degan to‘xtamga keldi.
Kimyo, qurilish materiallari va farmatsevtika sanoatida raqobatbardosh, xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish quvvatini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, forum ishtirokchilari korxonalar o‘rtasida samarali ishlab chiqarish zanjirini yaratish, masalan, O‘zbekistonda Boshqirdistondagi mebel klasteriga o‘xshash qo‘shma mebel sanoat klasterini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi.
Rossiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi yakuni bo‘yicha qariyb 200 million dollarga teng 19 ta investitsiyaviy bitim va shartnoma imzolandi.
V2V shaklidagi uchrashuv ikki tomon biznes vakillariga mahsulot va xizmatlarni namoyish etish, eksport salohiyati va hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘zaro manfaatli munosabatni rivojlantirish borasida yuksak salohiyatga ega ekanini, bunday konstruktiv muloqotlar, amaliy sa’y-harakatlar, o‘z navbatida, munosabatni yanada faollashtirish uchun mustahkam asos bo‘lishini yana bir bor tasdiqladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA