Ko‘p qavatli uylardan iborat mahallalarda kommunal sohani boshqarish va mahallalar obodligini ta’minlashda yangi tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilib, ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda.
Muhimi bunday shirkatlar zarur mutaxassis va maxsus texnikalar bilan ta’minlangan. To‘rt faslda ham xizmatga shay. Ko‘rsatilgan xizmatning hisob-kitoblarida billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu aholiga qulaylik yaratadi.
Boshqaruv servis kompaniyasi mohiyatiga ko‘ra mulkdorlar shirkatining bir shakliga o‘xshab ketadi. Savol tug‘iladi, shunday bo‘lsa bu tizimning nima zarurati bor? Yangi korxona biriktirilgan uylardagi umumiy mulkni ta’mirlash, soz holatda ishlashini nazorat qiladi. Ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtiradi. Bu jihatdan u mulkdorlar shirkatiga nisbatan aholiga ancha yaqin.
Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi O‘zbekiston mahallasida 4 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda 264 ta yakka tartibdagi hovli, 25 ta ko‘p qavatli uy mavjud.
Mahallada kommunal masalalarni hal qilib, hududini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda mahalla hududining obodligi, aholi xonadonlari, ijtimoiy sog‘a ob’ektlarida kommunal soha bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda yangi boshqaruv tizimiga o‘tilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Termiz shahridagi “O‘zbekiston”, “Alpomish”, “Kattabog‘”, “Bog‘ishamol”, “Guliston”, “Gulira’no” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 123 ta ko‘p qavatliga uyga “Sarvar Termiz Servis” boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda.
Ko‘p joylarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston mahallasida ham kommunal xizmat ko‘rsatish tizimida muammolar bor edi. Yangi tizim o‘sha muammolarni joyida tez bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

E’tiborlisi, kompaniyada 24 soat faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya holatlarini bartaraf etish xizmati tashkil etilgan. Buning uchun yetarli xodim va moddiy-texnik baza yaratilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida kompaniyaga biriktirilgan hududdagi ko‘p kvartirali 23 ta uyning tom qismi, 180 ta kirish yo‘laklari va 90 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi.
Qator uylarning romlari almashtirildi, piyodalar yo‘laklariga beton qoplamasi yotqizildi, 148 ta yoritish chiroqlari o‘rnatildi, bolalar maydonchalari qurildi.
Aholi boshqaruv-servis kompaniyasining bu kabi tashabbuslaridan mamnun. Kuz-qish mavsumi oldidan ko‘rilayotgan bu kabi-chora tadbirlar qish-qirovli kunlarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini oladi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA