Boshqarmada “Maxsus surishtiruv xonasi” tashkil etildi
Xorazm viloyat bojxona boshqarmasida zamonaviy talablar asosida jihozlangan “Maxsus surishtiruv xonasi” ishga tushirildi.
Uning ochilishida Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akromjon Axlimirzayev, viloyat prokuraturasi vakillari hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida xodimlar bilan suhbat o‘tkazilib, sohadagi ustuvor vazifalar, surishtiruv jarayonlarini qonunchilik talablari asosida tashkil etish, protsessual harakatlarni sifatli va xolisona amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng maxsus surishtiruv xonasi ko‘zdan kechirilib, unda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy texnik jihozlar hamda protsessual harakatlarni, xususan, so‘roq jarayonlarini belgilangan tartibda o‘tkazish va qayd etish imkoniyatlari bilan tanishildi.
~Ta’kidlash joizki, boshqarma tomonidan joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida 844 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qariyb 15 milliard so‘mlik noqonuniy tovar-moddiy boyliklar ushlab qolindi, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi inspektor-surishtiruvchisi Gulsanam Shohnazarova. - Mazkur ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda, aniqlangan huquqbuzarliklar soni 416 taga ko‘paygan, ushlab qolingan tovarlarning umumiy qiymati esa 5 milliard 602 million so‘mga oshgan.

Yangi maxsus surishtiruv xonasining tashkil etilishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada sifatli tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va protsessual jarayonlarning shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri