Yaponiya parlamenti mamlakat Liberal-demokratik partiyasi raisi Sanae Takaitini mamlakat bosh vaziri etib tasdiqladi. U kunchiqar yurt tarixidagi ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi, deb xabar tarqatdi “BBC” sayti.
Takaiti o‘ta konservativ qarashlari bilan tanilgan siyosatchi. Shuning uchun ba’zi nashrlar “yapon imperializmi bosh ko‘tarmoqda, uning yuzi esa ayolniki”, deb yozishdi.
Sanae Takaiti kim?
U 1961 yili Yaponiyada dunyoga kelgan. Otasi avtomobil zavodida ishchi, onasi esa politsiya ofitseri bo‘lgan. Takaiti Koba universitetini tugatgan. 1987 yili AQSHga malaka oshirishga ketadi va ikki yil davomida demokratlar partiyasida faoliyat yuritadi. Yaponiyaga qaytgach, TVda o‘zini boshlovchi sifatida sinab ko‘radi va ba’zi ko‘rsatuvlarga chiqib omma e’tiboriga tushadi.
Hozir uni ko‘pchilik yosh paytlarida o‘z qiziqishlariga erk bergan shaddod qiz obrazida tasavvur qilolmaydi. Mototsikllarda harakatlanish uning sevimli mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Ammo siyosatga kirgach bu xobbisidan voz kechgan. Bundan tashqari yoshligidan zarbli musiqa asboblarini yaxshi chala olgan. Hozir ham uning uyida elektr barabanlar to‘plami bor deyishadi.
O‘sha paytlari yosh Takaitida siyosatga qiziqish paydo bo‘ladi va faoliyatini Liberal demokratik partiya bilan bog‘laydi. Ayrim qiziq manbalarga ko‘ra, u biror marta uchrashuvga chiqmasdan turib, 2004 yili partiyadoshi Taku Yamamoto bilan turmush qurgan. Ular 2017 yili turli kelishmovchiliklar tufayli ajrashadi, ammo 2021 yilda ular yana qayta turmush qurishgan.
Sanae Takaiti Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening shogirdlaridan biri sanaladi. Shuningdek, uni Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherning ashaddiy muxlisi bo‘lgan, deyishadi.
“Associated Press” axborot agentligi qayd etishicha, ko‘plab yaponiyalik ayollar uning bosh vazir etib tayinlanishini mamlakatda gender tengligi yo‘lidagi yutuq sifatida ko‘rishmayapti. Nima uchun? Chunki Yaponiyada hanuzgacha patriarxal qadriyatlar ustuvor sanaladi. Masalan, Takaiti turmushga chiqqan ayollarga o‘z qizlik familiyasini saqlab qolish huquqini berishga qarshi. Yaponiyada amaldagi qonunlarga ko‘ra, turmush qurgan juftliklar bir xil familiyaga ega bo‘lishi shart.
Uning ko‘pchilikka ma’qul kelgan jihatlaridan yana biri – saylov kampaniyasi davomida bolalarni parvarish qilish uchun soliq imtiyozlari va ishchilar uchun bolalar bog‘chalari shakllantirgan korxonalarni rag‘batlantirishni qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, u o‘zidan avvalgi bosh vazirning AQSH bilan tuzgan savdo kelishuvini qayta ko‘rib chiqish niyatini bildirgan. Takaiti joriy oy oxirida Janubiy Koreyada o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashmoqchi. Tashqi siyosatda esa Takaiti Xitoyga qarshi pozitsiyasi va Tayvanni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SzuERn7U7yM" title="Boshlovchilikdan Bosh vazirlikkacha" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA