Bosh vazir o‘rinbosari Buxoroda xotin-qizlar bilan muloqot qildi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova amaliy tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lib, hududlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Tashrifning dastlabki manzili Romitan tumanidagi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Bu yerda Bosh vazir o‘rinbosari “mahalla yettiligi” bilan muloqot qilib, hududdagi mavjud muammolar, aholi murojaatlari va takliflar bilan qiziqdi.
Muloqot davomida mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan hududda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
[gallery-30858]
Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi viloyatdagi mahalla xotin-qizlar faollari bilan uchrashdi. Unda hamkor tashkilotlar va mutasaddi idoralar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda xotin-qizlar faollari mahallalardagi kundalik faoliyati davomida duch kelayotgan masalalarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, hamkor tashkilotlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini soddalashtirish, axborot platformalarini integratsiya qilish, soha vakillarining kasbiy salohiyatini oshirish va o‘zaro tajriba almashishni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalarni hal etish, aniq chora-tadbirlarni belgilash va mas’ul idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA