Xalq ongi, tafakkurining mahsuli sanalgan iboralar tilda ifoda mazmunini oshirib, badiiylikni kuchaytiradi. Ular nutqning jozibali bo‘lishi bilan birga, mazmundor va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlaydi. Ijodkor ulardan o‘rinli foydalanish orqali nutqning go‘zal va mazmunli bo‘lishiga erishadi. Bu esa o‘z navbatida, tilning noyob unsurlari hisoblangan iboralarning nutqda faollashuvi, saqlanib qolishiga yordam beradi.

Tarixda qaysi davrga nazar solmang shoiru yozuvchilar, tarixnavislar va oydinlarning so‘z, jonli tilga qiziqishi, qadimiy xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan hurmat-ehtiromi ko‘zga tashlanadi. Bu ularning badiiy, tarixiy merosida aks etgan. Hazrat Navoiy ijodida xalq tilining jon tomiri bo‘lgan paremalar, xususan, frazemalar mutafakkir nazmi va nasrining bezagi sanaladi. Iboralar adib asarlaridagi obrazlilik, voqelikni go‘zal va ta’sirchan ifodalash, fikrning teranligi hamda bo‘yoqdorligini ta’minlash uchun xizmat qilgan. Jumladan, alloma asarlarida bosh komponenti bilan bog‘liq bir nechta iboralarni uchratish mumkin. “Mahbub ul-qulub” pandnomasida bosh yalang frazemasi “behayo, yalang‘och, beparda”, boshini yelga ber-, boshi bor- (boshi bormoq) iboralari “boshidan ajralmoq” sememasida uchraydi: ...so‘zlari bosh yalang yuzga chopmoq; ...so‘z borkim, aytuchi boshini yelga berur.
She’riyat mulkining sohibqironi “Xazoyinul maoniy”da bosh yetkur- (bormoq), boshiga ish tush- (tashvish tushmoq), boshga kel- (oldiga kelmoq, hozir bo‘lmoq), bosh olib chiq- (butunlay chiqib ketmoq), boshiga tegirmon toshi aylandur- (qiynamoq, azoblamoq), bosh evrul- (bosh aylanmoq), bosh elt- (bosh kesmoq), bosh qashib kech- (afsuslanmoq), yuz evur- (yuz o‘girmoq), dast ber- (qo‘l kelmoq), yo‘l tut- (yo‘lga tushmoq, yura boshlamoq) singari turg‘un birikmalardan unumli foydalangan. Kezi kelganda qayd etish joizki, “Chor devon”da boshiga dud sol-, boshidin dud chiqar- iboralari sinonim tarzda “g‘am keltirmoq” ma’nosida kelgan bo‘lsa, bosh chiqar- (ko‘runmoq; har narsaning uchini topmoq), bosh chek- (bo‘yin tovlamoq; unib chiqmoq) frazema- lari polisemantik xususiyat kasb etgan:
Shu’lai oraz ila mug‘bachalar,
Dayr aro dud boshimdin chiqarib.
Vafodin cheksa bosh ul sarvi mahvash,
Ajab ermasdur o‘lmoq sarv sarkash;
Dahr bo‘stonida bosh chekkan nihol atrofida,
Shox emas, novak degil, yafrog‘ emas, paykon erur.
Bosh chek- iborasi “Farhod va Shirin” dostonida “yuksalmoq”, “sarkashlik qilmoq” ma’nolarida voqelangan:
Chekib bosh ul jazira ichra tog‘e,
Bu tog‘ uzra yeti-sakkiz bulog‘e;
Nazar qilkim ne amru nahy etar haq,
Haq amru nahyidin bosh chekma mutlaq.
Boshdin ayoq frazemasi “Lisonut-tayr” dostonida “boshdin oxirigacha” tushunchasini ifodalagan:
Kufr eli xil’atlarin yetkurdilar,
Shayxqa boshdin ayoq kiydurdilar. Ushbu birikma “Xazoyinul maoniy”da “butun badani” sememasini anglatgan:
Talabingda yugurub payki nazar,
Onchakim boshtin ayog‘i qaborib.
Shuningdek, “Lisonut-tayr” dostonida bosh olib ket- (butunlay chiqib ketmoq), gardunga bosh tort- (ko‘kka yetmoq, osmonga tutashmoq), boshidin chiq- (esidan chiqmoq), bosh qo‘y- (qulamoq, yiqilmoq), qo‘l sun- (qo‘l uzatmoq, kirishmoq) iboralari monosemantik hisoblansa, bosh ur- frazemasida “yalinmoq, afsuslanmoq”, “eslamoq, xotirga keltirmoq” sememalari orqali frazeologik polisemiya ko‘zga tashlanadi:
Har nafas yetmas kishi boshig‘a tig‘,
Bosh urar ming oh ila yuz ming darig‘.
Balx oning chiqmaydur ermish yodidin,
Kim bosh urdi xotiri noshodidin.
Ushbu birikma “Majolisun nafois” asarida “harakat qilmoq” tushunchasini ifodalash uchun xizmat qilgan: Mavlono Hoji Muhammad... ba’zi mahal biror nazm dag‘i andin bosh urar . Ayni paytda, tazkirada “bo‘yin tovlamoq”, “tobe bo‘lmoq” ma’nolari bosh tort-, bosh yerga qo‘y- frazeologizmlari orqali ochib berilgan: Shayx Ozariy... Gulbarga podshohi o‘z rasmlari birla bosh yerga qo‘ymoq taklifi ham ko‘rguzdi.
“Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”da izohlanishicha, “Farhod va Shirin” dostonida boshig‘a bor- (huzuriga bormoq), boshin gardung‘a yetkur- (xursand bo‘lmoq), boshin irg‘at- (ma’qullamoq), boshdin kech- (avf etmoq), bosh to‘lg‘a- (bosh tortmoq), bosh o‘g‘urla- (yashirinmoq), bosh nigun ayla- (bosh egmoq) kabi iboralar kuzatiladi:
Ani elturda naqdi jon masallik,
Nigun aylar boshin chavgon masallik.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Alisher Navoiy bosh idur- barqaror birikmasini bosh nigun ayla- iborasiga ma’nodosh sifatida keltirib o‘tgan: Ul solorg‘a adab va tavozu’ bila bosh idurdi.
Mutafakkir ijodida bo‘yun uz- (boshini tanasidan judo qilmoq), bo‘yun ur- (bo‘ynini kesmoq), bo‘yun to‘lg‘a- (itoatsizlik qilmoq), bo‘yun qashi- (qiyin ahvolga tushmoq), go‘sh ayla- (eshitmoq), no‘sh ayla- (ichmoq), qonin tila- (o‘ch olmoq), qon yut- (g‘am yemoq), qon qil- (jonlantirmoq), qon to‘k- (o‘ldirmoq), qadam ol- (yurmoq), qadam ur- (yo‘llanmoq), qadam qo‘y- kabi iborlar o‘z aksini topgan. Birgina qadam qo‘y- frazemasi adib asarlarida beshta ma’noda keladi:
1) “borib yetmoq”: Yo‘l borurlar edi tunu kun ham,
Qo‘yg‘ucha Hind kishvarig‘a qadam;
2) “ergashmoq”: Ko‘rmagaysen yo‘l aro ranju nadam,
Har qadami o‘rnig‘a qo‘ysang qadam;
3) “qasd qilmoq”: Vagar qatl uchun kelmishang qoshima,
Kesay deb qadam qo‘ymishang boshima;
4) “otlanmoq, tayyorgarlik qilmoq”: Yigit bo‘lg‘andin so‘ngrakim, sayohatga qadam qo‘yubturlar;
5) “biror ishga kirishmoq”: U Loyxo‘r tanbihi bila g‘aflat mastlig‘idin ayildi va qadam yo‘lg‘a qo‘yub, sulukka mashg‘ul bo‘ldi.
Bu turg‘un birikma hozirgi o‘zbek adabiy tilida uch ma’noda, ya’ni “qadam bosmoq, borib yetmoq”; “jur’at qilmoq, kirishmoq, boshlamoq”; “biror yoshga to‘lib, keyingisiga o‘tmoq” sememalarida uchraydi. Ko‘rinadiki, bugungi kunda tekshirilayotgan iboraning ikki ma’nosi saqlanib, qolgan semalari o‘rnini uchinchi bir, yangi ma’no (“biror yoshga to‘lib, keyingisiga o‘tmoq”) egallagan. Qadam ol- (ish-faoliyatda, hayotda o‘zini tutish, bundagi o‘ziga xos xatti-harakat, holat, қон to‘k- qurbon beriladigan urush, jang qilmoq; shu yo‘l bilan kishi(lar)ni qurbon qilmoq, qon qil- (juda diqqatni oshirmoq; xunob qilmoq) frazemalari semantikasida o‘zgarish yuz bergan.
“Mahbub ul-qulub” asarida ur- fe’li ot so‘z turkumiga oid leksemalar bilan birikib, quyidagi turg‘un birikmalarni hosil qilgan: “tavsiflamoq”: ...kalom surubturlar oni bo‘z kiyizga o‘xshata masal urubturlar; “so‘zlash uchun yo‘l qo‘ymaslik, so‘zlatmay qo‘ymoq”: Man’ va nahy tufrog‘in og‘zig‘a urmoq avlo...; “ayblamoq”: Atoridg‘a ta’n urmoqdur so‘zining rangi; “eshittirmoq, qulog‘iga quymoq”: Piri roh va soliki ogoh mundoq durrdek takallumkim surdi, bu gavharlarni aning qulog‘ig‘a urdi; “qalam urmoq, yozmoq” ...varaq yuziga maorifnigor xoma urubtur; “kirishmoq mashg‘ul bo‘lmoq”: O‘z muborak iliki bila ekin suvorurg‘a bel urar erdi; “qo‘l urmoq, ergashmoq”: Bas o‘zni yaxshilar orasida yashurg‘on va alar etagiga ilik urg‘on yaxshiroqdur. Qayd etilgan ilik ur- iborasi ilk bor Yusuf Hos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostonida “harakat qilmoq” ma’nosida tilga olingan: Sav altun bila tartsa beglari ilig. Ma’lum bo‘ladiki, frazema semantikasida o‘zgarish sodir bo‘lgan.
“Saddi Iskandariy” dostonida yerga yuz qo‘y- (ta’zim qilmoq), yer uzor bo‘l- (gullamoq, yashnamoq), ilik och- (qo‘l uzatmoq), ilik qo‘y- (imzolamoq, muhr bosmoq), ko‘zni ravshan et- (xabardor qilmoq), ko‘ngli bahr ol- (xursand bo‘lmoq), yuzlariga ajal niqob chek- (yo‘qotmoq) barqaror birikmalari zikr qilingan:
Magar bir kun ovdin olib ko‘ngli bahr,
Tarab birla aylab edi azmi shahr;
Burun aytqanlar dag‘i bu kitob,
Ki chekmish ajal yuzlariga niqob.
Hazrat Navoiy “Nasoyimul-muhabbat” asarida jahondin bor- (vafot etmoq), ilik et- (ta’sir qilmoq), ilik tort- (chekinmoq, voz kechmoq), ilikdin ber- (tark etmoq), ko‘zga kir- (e’tiborni tortmoq), ko‘z tush- (qaramoq), ko‘ngulga kel- (xayolga keltirmoq), ko‘ngliga kech- (xayolidan o‘tmoq), ko‘nglini ol- (hurmati, muhabbatini qozonmoq), ko‘ngil qolish qil- (o‘pkalamoq), ko‘ngliga o‘t- (o‘ylamoq), og‘iz ur- (og‘iz qimirlatmoq) kabi frazeologizmlarga bot-bot murojaat qilgan: Ko‘ngliga o‘ttiki, aning ro‘zgorin zoye’ qildim;
Ulug‘lar ne bersa, yemasman dema,
Ilik sun, og‘iz ur, yemasang yema.
Alisher Navoiy «Munshaot» asarini yozishda jonli xalq tili, o‘z davri kundalik turmushida faol qo‘llangan so‘zlashuv нутқиdaн samarali foydalangan. Asar leksikasiga e’tibor berilsa, Navoiy imkoniyat boricha, turkiy (o‘zbek) leksikaning xalq orasida so‘zlashuv nutqiga xos ko‘rinish- larini ko‘proq ishlatishga harakat qilgan, maktubot uslubining o‘ziga xos namunalarini yaratgan. Har bir maktubning asosiy maqsadi, mazmun-mohiyati, fikr-mulohaza nimadan iboratligiga qarab, til unsurlari, xususan, frazemalardan istifoda qilingani o‘zini oqlaydi. Masalan, boshi ko‘kka yet- (mamnun bo‘lmoq), ko‘z uyi (kayfiyat, hasad), ko‘zini yorut- (bahra bermoq), ko‘zdin yiroq tush- (uzoqlashmoq), ko‘ngulga kir- (ko‘ngilga kelmoq), ko‘ngulga ol- (o‘ziga qabul qilmoq) kabi iboralar асарda shoir biografiyasiga oid ma’lumotlar, badiiy ijodga doir qaydlar, axloqiy qarashlarga aloqador fikrlarniнг bo‘yoqdorligi, ta’sirchan- ligini oshirgan: ...ko‘ngullarin hidoyat ziloli oritg‘anlar olam mehrini zarrai ko‘ngulga olmaydurlar.
“Hayratul-abror” dostonida yelga ber- (sovurmoq), joni hirmon chek- (azob-mashaqqat chekmoq), ko‘z sol- (e’tibor bermoq), ko‘zga to‘tiyo bo‘l- (dardga da’vo bo‘lmoq), ko‘nglini ol- (xursand qilmoq), olamg‘a siym soch- (tiriklik vaqtda yaxshilik qilmoq), yuzi suyi soch- (e’tibor ko‘rsatmoq), yuz ur- (intilmoq), yuz qaro bo‘l- (uyatga qolmoq) turg‘un birikmalari qo‘llanishda bo‘lgan:
Zohir o‘lib o‘ziga begonavor,
Yuz urubon har sori devonavor;
Ulki kelur sotmag‘in aylar shior,
Yuz qaro bo‘lmog‘din anga qayda or.
Alisher Navoiy asarlaridagi so‘z birikmasi va gapga teng keladigan frazemalarni hozirgi adabiy tildagi iboralar bilan qiyosiy o‘rganish quyidagi xulosalar chiqarish imkonini beradi:
1) ayni shakl va ma’noda qo‘llanadigan frazemalar: bosh olib ket-, bosh olib chiq-, boshdin ayoq, bosh ur-, bosh tort-, qadam ol-, qadam qo‘y-, ko‘ngulga ol- kabi;
2) ba’zi frazemalarning komponenti o‘zgargan: qo‘l sun= – qo‘l uzatmoq, bosh idur= – bosh egmoq, yelga ber= – yelga sovurmoq, yuz evur= – yuz o‘girmoq, dast ber= – qo‘l bermoq, bosh evrul- – bosh aylanmoq, ilik tort – qo‘l tortmoq, ilik qo‘y- – qo‘l qo‘ymoq, xoma ur- – qalam urmoq singari;
3) ayrim iboralar yangi ma’no kasb etgan: qon qil- (jonlantirmoq) – juda diqqatni oshirmoq; xunob qilmoq, qon to‘k- (o‘ldirmoq) – qurbon beriladigan urush, jang qilmoq; shu yo‘l bilan kishi(lar)ni qurbon qilmoq, qadam ol- (yurmoq) – ish-faoliyatda, hayotda o‘zini tutish, bundagi o‘ziga xos xatti-harakat, holat; yo‘l tut- (yo‘lga tushmoq, yura boshlamoq) – ish-faoliyatda muayyan bir yo‘lni tanlamoq, shu yo‘ldan bormoq;
4) bir necha frazemalar bugungi kunda arxaiklashgan: olamg‘a siym soch- (tiriklik vaqtda yaxshilik qilmoq); joni hirmon chek- (azob-mashaqqat chekmoq); yerga yuz qo‘y- (ta’zim qilmoq), yer uzor bo‘l- (gullamoq, yashnamoq); masal ur- (maqtamoq); go‘sh ayla- (eshitmoq); bosh nigun ayla- (bosh egmoq) va hokazo.
Xulosa shuki, Navoiy asarlarida qayd etilgan frazemalar semantikasini o‘rganish jarayonida ularning mazmun jihati dastlabki (denotativ) ma’no, hosila ma’no hamda pragmatik semalarni o‘z ichiga olishiga yana bir karra ishonch hosil qilindi. Qolaversa, frazeologizmlar muntazam равishda boyib boradigan qatlam bo‘lib, o‘zida xalq hamda tilning tarixiy taraqqiyoti, milliy-madaniy an’ana, tajribasini mujassam etadi.
Baxtiyor Abdushukurov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor.
O‘zA