Bosh qomusimizga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchi va talabalarining “Olamni asraylik!” mavzuidagi ko‘rgazma va davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv muammolari, turli illatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusidagi 40 dan ortiq plakatlar namoyish etilmoqda.
Jumladan, institut amaliy grafika fakulteti 24 talabasining zamonaviy plakatlari ushbu ko‘rgazmadan joy olgan. Talabalardan R.Rahimboyev, K.Muhitdinova, Sh.Shermatova, K.Abdulxayeva ishidagi mazmun insonlarni atrof-muhitni asrash, suv muammolariga e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Shuningdek, Vatan, salomatlik mavzulari, giyohvandlik illati, Orol muammosi ham talabalar e’tiboridan qolmagan.
[gallery-331]
Davra suhbatida Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, ayniqsa, Bosh qomusimizda yoshlarning jamiyatdagi rolini oshirish va ularni munosib kadrlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilgani haqida so‘z yuritildi.
Plakat janri rassomchilikda ancha yillar oldin qo‘llangan. Davra suhbatida hozir ushbu janr qay darajada rivojlangani haqida talabalarga atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir davomida plakat janri bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ko‘rgazma joriy yilning 12 dekabrigacha davom etadi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA