Bosh prokuror narx-navo barqarorligini ko‘zdan kechirdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida dehqon bozorlari va yirik savdo ob’ektlarida yarmarkalar tashkil etish, ularga mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish bo‘yicha bozorlardagi holatni o‘rgandi.
Bosh prokuror hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i Dilshod Raximov bugun Toshkent shahrining «Mirobod», «Askiya», «Chilonzor», «Farhod» va «Eski jo‘va» dehqon bozorlarida bo‘lib mavjud ahvol bilan yaqindan tanishishdi.
Qayd etilgan bozorlarda, boshqa barcha hududlardagi kabi
Yangi yil bayrami munosabati bilan arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari tashkil etilgan.
Jumladan, o‘rganilgan 5 ta bozordagi narx-navoning barqarorligini ta’minlash uchun jami 15 nafar prokuratura va departament organlarining xodimlari biriktirilgan.
Yarmarkalarga Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarining 50 ta fermer va dehqonlari hamda qariyb 100 nafar ulgurji savdo hamda ishlab chiqarish korxonalari nomma-nom biriktirilib, ularga 350 ta rasta ajratilgan.
Ushbu dehqon bozorlarida hafta boshidan buyon 2 586 tn 30 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilgan bo‘lib, 267 tn go‘sht,
7 mln 600 ming donadan ortiq tuxum, 722 tn kartoshka, 160 tn shakar, 136 tn guruch aholiga hamyonbop narxda yetkazib berilishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, baliq, konserva, salqin va spirtli ichimliklar, sut mahsulotlari, mevalar, shu jumladan, sitruslar hamda turli shirinliklar savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zA