Bosh prokuratura: tanqidiy materiallar asosida 15 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Prokuratura organlari faoliyatida jamoatchilik bilan samarali hamkorlik qilish, aholini qonunchilikdagi o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida muntazam xabardor etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil 7 oyida prokuratura organlari tomonidan 95 ming 792 qonunchilik targ‘iboti tadbiri o‘tkazilgan. 575 hisobot xalq deputatlari kengashlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga taqdim etilgan.
Bosh prokuraturaning rasmiy veb-saytida 1 ming 753 material e’lon qilingan. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda 5 ming 259 xabar, videorolik va infografika joylashtirilgan.
Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan tanqidiy materiallar jamoatchilik nazoratining muhim shakli sifatida tizimli ravishda o‘rganib borilgan.
Prokuratura aralashuvini talab qilgan 800 ga yaqin tanqidiy material o‘rganilgan. Ko‘tarilgan muammolarni o‘rganish natijasida 17 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Tegishli idoralarga 10 taqdimnoma kiritilgan. 15 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 55 nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.
N.Abduraimova,
O‘zA