Bosh prokuratura rasmiy bayonot bilan chiqdi
Bildirilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, “Antistrumin” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat-protsessual qonunchilik asosida dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetmagan bo‘lsada, jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayollar qamoqqa olinganligi haqidagi ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Ta’kidlanishicha, tarqatilayotgan ushbu ma’lumotlar tergovning ob’ektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
Shu bois, Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishi eslatib o‘tilgan.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tergov tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jinoyat ishiga oid ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
O‘zA