Munosabat
Bugun yurtimizda barkamol avlod kamoloti, yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘g‘il-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga o‘ziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilib, ularning tashkiliy-huquqiy asoslari tizimli ravishda takomillashib bormoqda.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan ilk qonun hujjati ham aynan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidir. Shuningdek, davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 2017 yildan boshlab, 30 iyun — Yoshlar kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, o‘tgan yetti yillikda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar berildi. Ushbu huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar yurtimizdagi yuz minglab yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topish orqali oilasi va yaqinlari hayotiga baxt va quvonch olib kirishiga sabab bo‘ldi.
Jumladan, oliy ta’lim olish uchun joriy qilingan ta’lim kreditidan bugungi kunga qadar 151 ming nafar yoshlar foydalangan bo‘lsa, ehtiyojmand oilalarda yashayotgan 110 ming nafar talabaning shartnoma to‘lovlari to‘lab berilgan. «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qiz bitirgan. Bugungi kunda ularda o‘qiyotgan vatandoshlarimiz soni 200 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Umumiy hisobda esa 110 ming nafar yoshlarimiz xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.

Shu bilan birga, «Oilaviy tadbirkorlik» dasturlari doirasida berilgan kreditlar evaziga 1 million nafar yoshlar bandligi ta’minlangan. Ular ishtirokida 205 ta «Yoshlar sanoat zonasi»da 1 200 ta loyiha ishga tushirildi. Hozirda biznesdagi aylanma mablag‘ini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yosh tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda.
Albatta, yuqoridagi kabi yoshlar siyosatiga oid yutuq va muvaffaqiyatlarga minglab misollar keltirish mumkin. Eng muhimi, ushbu imtiyoz va imkoniyatlarning har bir yosh hayotiga kirib borishini ta’minlash uchun mas’ullar biriktirilgan. Qolaversa, mamlakatimizni kelgusi yetti yillikda rivojlantirishga qaratilgan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham yoshlar masalasiga oid bir qator maqsad va vazifalar belgilangan.
Xususan, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish, bunda har bir viloyatda 1 tadan «Kreativ park»lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshni jalb qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Joriy yilning 28 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar hamda bildirilgan tashabbuslar mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizning kelgusida jadal rivojlanishi uchun bizga «to‘rtinchi sanoat inqilobi» kasblari juda muhim ekanligi qayt etilib, buning uchun yoshlarni fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida «Xalqaro bakalavriat» va «A-level» dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bu jarayondagi yana bir muhim yo‘nalish IT sohasi sanaladi. Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan ortiq. Bunday yoshlarimiz yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha o‘z ishlanmalarini eksport qilmoqda.
Endilikda ushbu faol yoshlarni umumiy maqsad yo‘lida birlashtirish uchun bir qator imkoniyatlar yaratib beriladi. Xususan, IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi. Ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga «ijtimoiy karta» beriladi. Yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Shuningdek, yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida mamlakatimizda so‘nggi yillarda qiyin ahvolga tushgan, alohida e’tiborga muhtoj yoshlarga ham alohida e’tibor qaratib kelinayotganligi e’tirof etildi. Jumladan, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti og‘ir yoshlar biriktirilgani o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan vaqt davomida qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etilib, 65 mingini bandligi ta’minlandi.
Natijada tarbiyasi og‘ir 20 ming yoshlar jinoyat yo‘lidan qaytdi, xulq-atvori yaxshilangan 11 ming yoshlar muddatidan oldin probatsiya hisobidan chiqarildi. Alohida e’tiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shug‘ullanishni boshladi, 700 mingida san’atga qiziqish paydo bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar siyosatiga oid taklif va tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi natijasida yoshlarimizning ta’lim-tarbiya olishi, Vatanimiz taraqqiyotidagi mas’uliyati va o‘rnini oshirishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda «Adolat» SDP tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, partiya safiga birlashgan 1 million nafardan ortiq partiya a’zolarining 40 foizini aynan yoshlar tashkil qiladi. Bugungi kunda partiya tomonidan ushbu 400 mingdan ortiq yoshlarning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Zero, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish partiya faollari oldida turgan ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Muharram Dadaxo‘jayeva,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA