Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida bir qator tashkilotlar hamkorligida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.
Bitiruvchi va ishsiz yoshlar bandligiga ko‘maklashish, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada 100 ga yaqin ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasa 1000 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Navoiy shahri, Karmana, Konimex va Navbahor tumanlaridan 700 nafarga yaqin “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, harbiy xizmatdan qaytgan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tamomlayotgan, xorijiy davlatlardan qaytgan ishsiz yoshlar ishtirok etgan tadbirda ish beruvchilarning mas’ul xodimlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar, shuningdek, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida tushunchalar berildi.

– 2023-yilda Buxoro muhandislik- texnologiya institutining qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish yo‘nalishini tamomlagan edim, – deydi Navoiy shahri Bunyodkor mahallasida istiqomat qiluvchi Muhammad Hamroyev. – O‘qishni tugatgach, mutaxassisligim bo‘yicha ish topolmagach, 2024-yilning fevral oyida qo‘shimcha kasb sifatida Buxoro shahridagi “HOY Industry Edu Pro” o‘quv markazida o‘qib, 5-razryadli elektrik sertifikatini olgan edim. Bugun mehnat yarmarkasiga kelib, shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim. Mas’ul xodimlar men bilan suhbatlashib, ishga olishga rozi bo‘lishdi.

Navoiy davlat pedagogika institutida 2023-2024 o‘quv yilida 27 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 4250 nafar bitiruvchi bo‘lib, ularning 759 nafari davlat granti va 3491 nafari to‘lov-kontrakt asosidagi bitiruvchilarni tashkil etadi. O‘tkazilgan yarmarkada oliygoh bitiruvchilari ham faol ishtirok etishdi.
– Navoiy davlat pedagogika instituti viloyatda o‘qituvchi-pedagog kadrlar tayyorlaydigan yagona oliy o‘quv yurti bo‘lib, xususan, maktabgacha va maktab ta’limi, o‘rta-maxsus, professional ta’lim, madaniyat, sport va oliy ta’lim muassasalari uchun malakali mutaxassis hamda ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydigan o‘ziga xos ilmiy markaz vazifasini o‘tab kelmoqda, – deydi institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov. – Bugungi kunga qadar 400 nafardan ziyod bitiruvchi kurs talabamiz ish bilan ta’minlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ta’lim olish bilan birgalikda o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini ham oshirib kelishmoqda. Shuningdek, institutimizning o‘zida ham bir qator yirik ish beruvchi tashkilotlar – viloyat maktabgacha va maktab ta’limi, madaniyat, sport boshqarmalari hamda boshqa hamkor tashkilot va muassasalar hamkorligida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazib kelinmoqda. Maqsadimiz barcha bitiruvchilarimizni ish bilan ta’minlashdir.

Mehnat yarmarkasida ishsiz yoshlarning 98 nafari doimiy ish o‘rinlari va mavsumiy ishlarga joylashtirildi, 22 nafariga subsidiya ajratildi, 52 nafariga esa kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha tavsiya berilgan bo‘lsa, 63 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri