Borliqni bo‘ston aylagan shoir
Yurtimizda fevral oyida ikki buyuk daho – Hazrat Mir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayyomlari keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy viloyatida ham ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kechalar bo‘lib o‘tmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navbahor tuman bo‘linmasi tomonidan 14-sonli ingliz tili fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan “Borliqni bo‘ston aylagan shoir” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olganlar ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni asrab-avaylash va ularni qunt bilan o‘qib-o‘rganish muhim ekanligini alohida qayd etib, Bobur she’riyati mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.
– Bobur ijodida ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusi salmoqli o‘rin tutadi, – deydi maktab direktori Bobur Rahimov. – U o‘z asarlari orqali shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oldi. Uning she’rlarida tarixiy hodisalar, shoirning shaxsiy hayoti, atrof-muhit, insonga bo‘lgan munosabat, din, davr an’analari o‘ziga xos usullarda bayon qilingan. Boburning she’rlari - shoirning tarjimai holi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, Bobur she’riyatida ona Vatan mavzusi alohida o‘rin egallab, vataniga bo‘lgan sog‘inch va cheksiz muhabbati ta’sirchan ifodalangan.

Tadbirda o‘quvchi-yoshlar shoh va shoirga bo‘lgan hurmat va ehtiromlarini o‘zlarining badiiy chiqishlarida namoyish etdi.
Tadbir davomida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga “Mahalla” xayriya jamoat fondining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA